Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan videokonferensiyada Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari M.Abdurahmonov Janubiy Koreyaning “Daedong Industrial Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Li Song Tae bilan onlayn muzokaralar oʻtkazdi.

Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi masʼul rahbarlari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida “Daedong Industrial Co., Ltd.” kompaniyasi Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjalik texnikalarini birgalikda ishlab chiqarish loyihasini yoʻlga qoʻyish imkoniyatini puxta oʻrganishni boshlashi haqida qaror qabul qilindi. Shu nuqtayi nazardan, ular Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ehtiyot qismlarni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va ushbu soha uchun kadrlar tayyorlash orqali MDH bozoriga kirishga qiziqish bildirdilar.

Janubiy Koreya kompaniyasi rahbari loyihani Fargʻona viloyatida kichik va oʻrta fermer xoʻjaliklarining asosiy texnikasi boʻlgan elektr kultivatorini mahalliylashtirishdan boshlashni taklif qildi.

Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan texnik-iqtisodiy asoslar, investitsiya shartnomasi, shuningdek, qoʻshma korxona tuzish shartlari toʻgʻrisida kelishuvlarni bosqichma-bosqich tayyorlash muhimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.