Dam olish kuni xodimlarini ishga jalb qilgan dispanser rahbariga hayfsan berildi

    Qoʻqon shahrida joylashgan Fargʻona viloyati teri-tanosil 2-sonli dispanseri rahbari xodimlarni noqonuniy ishga jalb qilib kelgani aniqlandi.

    Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Ombudsmanga Qoʻqon shahrida joylashgan Fargʻona viloyati teri-tanosil 2-sonli dispanseri shifokorlari tomonidan jamoaviy murojaat kelib tushdi.

    Murojaatda xodimlar ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida hujjatlashtirilmasdan va haq toʻlanmasdan ishga, navbatchilikka jalb qilinayotganini, shuningdek, xizmat safari xarajatlari oʻz vaqtida qoplanmayotganini bildirishdi.

    Mazkur murojaat Ombudsmanning Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili ishtirokida joyiga chiqib oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, dispanser rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 189-moddasida belgilangan ish vaqtidan tashqari ishni qonuniy tashkil etish talablari qoʻpol ravishda buzilgani, xodimlar ogʻzaki koʻrsatmalar asosida rasmiylashtirilmasdan ishga jalb qilib kelingani aniqlandi.

    Ushbu qonunbuzilish holatlarining bartaraf etish yuzasidan Ombudsman tomonidan Fargʻona viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasiga xulosa kiritildi.

    Sogʻliqni saqlash boshqarmasining maʼlum qilishicha, Ombudsman kiritgan xulosasi natijasida dispanser rahbariga nisbatan intizomiy jazo — “hayfsan” qoʻllanilgan, shuningdek murojaatda qayd etilgan 5 nafar shifokorlarning salkam 3 mln soʻmlik xizmat safari xarajatlari toʻlab berilgan.

    Shu bilan birga, ushbu holat dispanser jamoasi va boshqa masʼul tashkilotlar ishtirokida muhokama qilinib, masʼullar mehnat qonunchiligi talablariga rioya etish boʻyicha ogohlantirildi.