Bugun respublika boʻyicha havo biroz bulutli boʻladi, baʼzi joylarda oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida va Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Togʻ oldi va togʻli hududlarda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻlishi mumkin.

Ertaga, yaʼni shanba kuni  respublika hududlariga Kavkaz hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Fargʻona vodiysi viloyatlarida va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida harorat 27-32° atrofida boʻlgan quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi respublikamizning barcha hududlariga tarqaladi. Koʻpchilik viloyatlarda jala yomgʻirlar yogʻadi, togʻ oldi va togʻli hududlarda kuchli boʻladi. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa ertalab yomgʻir toʻxtaydi. Havo harorati kunduz kuni 18-23° gacha pasayadi, bu meʼyordan 4-6° ga pastdir.

23-may dushanba kuni respublikaning deyarli barcha hududlarida kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. 
Kechasi va ertalab havo harorati sezilarli darajada pasayadi va 10-13° atrofida boʻladi, kunduz kuni esa quyosh nurlari havoni 23-28° gacha isitadi.

20-23-mayda respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga keldishi mumkin. Bu haqida  Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar bermoqda.