Dam olishga boʻlgan huquqning eng muhim kafolatlaridan biri dam olish vaqti turlarining qonun hujjatlari asosida mustahkamlab berilganligi hamda ularning eng kam muddati aniqlab qoʻyilganligidir.

Dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan holi boʻlgan va bundan u oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishi mumkin boʻlgan vaqtdir. Dam olish vaqtini xodim mehnat vazifalarini bajarishdan ozod etib qoʻyiladigan boshqa vaqtlardan farqlovchi belgi uning ishdan xoli boʻlgan vaqtdan oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishi mumkinligidir.

Xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi. Tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilab qoʻyiladi.

Ishlab chiqarish sharoitiga koʻra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish mumkin boʻlmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida ovqatlanib olish imkoniyatini taʼminlashi shart boʻladi. Bunday ishlarning roʻyxati, ovqatlanish tartibi va joyi ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilab qoʻyiladi.

Ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi oʻrtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati oʻn ikki soatdan kam boʻlishi mumkin emas. Barcha xodimlarga dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish) beriladi. Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa, bir dam olish kuni beriladi.

Xodimlarni dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ayrim xodimlar dam olish kunlari ishga jalb etilsa, ish beruvchining farmoyishi boʻyicha kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar boʻyicha amalga oshiriladi.

Mehnat taʼtili – vaqtning shunday muayyan bir davriki, uning muddati qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilganidek 15 kundan kam boʻlmaydi va har bir xodimga uzluksiz dam olish hamda mehnat qobiliyatini tiklash uchun ish joyi, oʻrtacha ish haqi saqlangan holda har yili beriladi.

Mehnat qonunchiligiga koʻra taʼtilning muddati olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar boʻyicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Taʼtil davriga toʻgʻri kelib qolgan bayram (ishlanmaydigan) kunlari taʼtil muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.

Ishlangan vaqtga mutanosib ravishda yillik mehnat taʼtil muddatini hisoblab chiqarish mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.

Ayni vaqtda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham mehnat qonunchiligini takomillashtirish bilan bogʻliq masalalar alohida oʻrin egallaganligi, bunda yillik haq toʻlanadigan mehnat taʼtillari qonunchiligini takomillashtirish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Mehnat kodeksining 8-moddasiga muvofiq har bir shaxsning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlanadi, bu himoya mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qiluvchi organlar, shuningdek mehnat nizolarini koʻruvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli oʻzining dam olish huquqi ish beruvchi tomonidan buzilgan deb hisoblovchi xodim bevosita sudga murojaat etishga hamda buzilgan huquqlari tiklanishini talab qilish­ga, bundan tashqari ish beruvchining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari unga zarar, shu jumladan maʼnaviy zarar yetkazgan hollarda yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab etishga haqlidir.

Mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarning dam olishga boʻlgan huquqlarining buzilishi mehnatga oid qonunchilikning buzilishi deb hisoblanadi va bunda aybdor deb topilgan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Har qanday holda ham ish beruvchi xodimga dam olish va haq toʻlanadigan yillik mehnat taʼtilini berishi shart. Bunday taʼtilning eng kam muddati u yoki bu toifadagi xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan va kafolatlab qoʻyilgan.

Bobur Atemov,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

Inson resurslari boʻlimi boshligʻi