Tadbirning ochilishida yurak-qon tomir kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolash viloyatda ham endi rivojlanish bosqichida ekanini qayd etilib, xususiy tibbiyot ham davlat muassasalari bilan bu sohada bemalol raqobatlasha olayotgani ta’kidlandi.

Kelgusi yildan bepul davolanish orderi joriy etilayotganini, endi davolash uchun pulni tibbiyot muassasasiga emas, bemorning o‘ziga berilishini ham tibbiy sohada raqobatning oshishiga, xususiy tibbiyotning ham o‘sishiga yo‘l ochishi qayd etildi.
«Abu Bakr Ar-Roziy Med Servis» tibbiyot klinikasi 2012-yilda 2,2 million dollar mablag‘ hisobiga barpo etilib, diagnostika hamda statsionar davolash xizmati tashkil etilgan. Markazda bir yilda 30 mingdan oshiq bemorlarga xizmat ko‘rsatib kelinyapti.
Statsionar davolash uchun 70 dan ortiq yotoq-koykalar mavjud bo‘lib, Philips kompaniyasining multispiral kompyuter tomografiyasi, raqamli rentgen hamda UZI kabi zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatilgan.

Bugun foydalanishga topshirilgan, umumiy loyiha qiymati qiymati 14,7 milliard so‘m bo‘lgan rentgenologik endovaskulyar jarrohlik bo‘limi qurilish ishlari 2019-yilda boshlangan.
40 o‘rinlik yangi bo‘limga qiymati 750 ming dollar bo‘lgan Philips Azurion statsionar angiografik rentgen tizimi, Germaniya hamda Xitoydan jarrohlik texnologiyalari olib kelib o‘rnatildi. Bo‘lim o‘z faoliyatini boshlashi bilan 30 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilyapti, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.