Daniya Bosh vaziri Trampning Grenlandiya haqidagi so'zlaridan keyin u bilan gaplashib olmoqchi

    Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen AQShning saylangan Prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo'yicha gaplaridan so'ng unga aloqaga chiqqanini va u bilan gaplashishni taklif qilganini ma'lum qildi, deb yozadi Franc-Press agentligi.

    Frederiksen parlament fraksiyasi rahbarlarini, jumladan Grenlandiyadan ikki nafar vakilni payshanba kuni yig'ilishga chaqirib, hukumat vaziyatni qanday hal qilayotgani haqida ma'lumot berdi. Muzokaralar yakunida Frederiksen jurnalistlarga uning Vazirlar Mahkamasi Tramp bilan aloqaga chiqqanini, biroq ular hali gaplashmaganini aytdi.

    “Biz (Trampga) gaplashishni taklif qildik... Menimcha, saylangan Prezident o'z lavozimini egallaguncha aniq hech narsa bo'lmaydi”, dedi Bosh vazir. U Trampning Grenlandiyani kuch bilan tortib olishga urinishiga ishonmasligini yana bir bor ta'kidladi.

    “Daniya demokratlari” partiyasi yetakchisi Inger Stoyberg hukumatning “aniq rejasi” yo'qligini va “falaj bo'lib qolganini” qayd etdi, deb xabar beradi ria.ru.

    Tramp 7-yanvar kuni Grenlandiya AQShning bir qismiga aylanishi kerakligini aytib, uning “erkin dunyo” milliy xavfsizligi va himoyasini, jumladan, Xitoy va Rossiyadan himoya qilishdagi strategik ahamiyatini ta'kidladi. Grenlandiya Bosh vaziri Mute Egede orol sotilmaydi va hech qachon sotilmaydi, dedi.