Grenlandiya bo'yicha AQSh bilan mojaroni hal qilish maqsadida Daniya va Grenlandiya rasmiylari NATO Bosh kotibi Mark Ruttega Arktikaga Shimoliy Atlantirka Alyansi missiyasini yuborishni taklif qilishdi. Bu haqda Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen 19-yanvar, dushanba kuni Bryusselda Rutte bilan uchrashuvdan so'ng grenlandiyalik hamkasbi Vivian Motsfeld bilan qo'shma matbuot anjumanida ma'lum qildi, deb xabar berdi dw.com.
Daniya vaziri Yevropa xavfsizligi uchun AQShning muhimligini ta'kidladi. “Yevropada biz mustaqil ravishda hal qila olmaydigan ko'plab muammolar bor”, deya Lund Poulsenning so'zlaridan iqtibos keltirdi Daniya mediakompaniyasi – DR. “Ammo AQSh Prezidentining ba'zi bayonotlari haqiqatan ham asabga tegdi”.
Arktikada NATO missiyasi bo'yicha taklifga Ruttening munosabati noma'lum. X ijtimoiy tarmog'ida alyans bosh kotibi Lund Poulsen va Motsfeld bilan uchrashuvida Arktikaning, jumladan, Grenlandiyaning umumiy xavfsizlik uchun ahamiyati muhokama qilinganini yozdi. “Biz ushbu muhim masalalar bo'yicha ittifoqchilar sifatida birgalikda ishlashda davom etamiz”, deb ta'kidladi u.