Koʻchat ekish tadbirlarida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi, uning tuman va shahar boʻlinmalari xodimlari faol ishtirok etib kelmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida archa, sasna, sadaqayragʻoch, zarang, yasen, oʻrik, behi, olcha kabi manzarali va mevali koʻchat navlari ekilayapti.
Jumladan, joriy yilning fevral-mart oylarida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi xodimlari tegishli mahalla yigʻinlari bilan hamkorlikda Navoiy shahridagi “Yangi ariq” mahallasi va “Binokor” mahallasi hududiga 50 ta manzarali archa, “Farovon” mahallasi hududidagi koʻchalarga 200 ta sasna manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Bundan tashqari “Orzu” mahalla fuqarolar yigʻini atrofidagi yerlarga 50 tup manzarali sasna hamda 30 tup mevali olma va gilos koʻchatlari oʻtqazildi va mahalla atrofi obodonlashtirildi.
– Koʻklam oldi koʻcha-koʻylar, mahallalarni obod qilishga, yon-atrofni ozoda, pokiza, tartibli, saranjom holda saqlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev. – Mahallalar bilan hamkorlikda targʻibot va keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Daraxt ekish bu oʻzbek oilasining qadriyati, oilada farzand tugʻilganda daraxt ekishgan, mevasi ramziy maʼnoda avlodni anglatgan.
Bugungi kunga qadar “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi, tuman va shahar boʻlinmalari tomonidan Mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda 5000 tupga yaqin manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi.
Jonibek Qodirov,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
viloyat boʻlimi bosh mutaxassisi