Hattoki, ajdodlarimiz yer bilan, daraxtlar bilan tillashib, soʻzlashib, unga oʻz farzandidek eʼtibor qaratib,ana shunday chin halol mehnatlar ila goʻzal bogʻ-rogʻlarni yaratishgan.
Mirishkor bobolarimizning ushbu mehnatlari ila oʻsha vaqtlarda shaftolizorlar, behizorlar, olmazorlar, qirmizi giloszorlar, xurmozorlar, oʻrikzor, bodomzorlar, uzumzorlar yaralgan.
Ushbu qadriyatlar yillar osha avlodlar amalida ham davom etib, bugun yurtimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan daraxt ekish,umummilliy harakatga aylandi. Har yili bahor va Kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish ishlari jadallik bilan olib borilib, yurtimiz hududlari yashil maydonlarga aylantirilmoqda. Ayniqsa, daraxt ekish ishlariga tajribali bogʻbon otaxonlar bosh boʻlib, ularni benuqson oʻsishi yoʻlida farzandlarga zaruriy maslahatlarini, nasihatlarini berib bormoqdalar.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning bahor mavsumida “Yashil makon” loyihasi doirasida birgina Fargʻona viloyat boʻylab jami 9,9 million donadan ziyod daraxt va buta koʻchatlari ekilgan edi. Kuz mavsumida esa 40 turdagi 6,5 million dona manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari ekish belgilanib, loyiha doirasida daraxt ekish ishlari ayni vaqtda jadallik bilan olib borilmoqda. Bu jarayonda ayniqsa, korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalari, turli mehnat jamoalari, obodonlashtirish korxonalari, yoʻl koʻklam, oʻrmon xoʻjaliklarining ishchilari yanada faollik koʻrsatib, manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini ekishdek, ezgu ishlarga oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqdalar.
Ushbu mehnatlar samarasidan joylarda turli bogʻlar yaratilib, yashil maydonlar yanada kengaytirilmoqda. Xususan, Prokuror bogʻi, Shifokorlar bogʻi, ustozlar bogʻi, Adliya bogʻi, Soliq bogʻi, sanʼatkorlar bogʻi,yoshlar bogʻi, nuroniylar bogʻi, onalar bogʻi, deputatlar bogʻi, senatorlar bogʻi hokimlik bogʻlari yaratilib, ushbu bogʻlarga 1000 lab daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Ushbu koʻchatlar hademay katta boʻlib, oʻz soyasi va mevasidan odamlarni bahramand qiladi. Mazkur bogʻlarni qatoriga Fargʻonada viloyatida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Fargʻona viloyat Kengashi saʼy- harakatlari bilan Uchkoʻprik tumanidagi 38 umumiy oʻrta taʼlim maktabda, Toshloq tumanidagi Axshak mahallasi hududida, Qoʻshtepa tumanidagi Doʻrmon qishlogʻida “Ekopartiya bogʻlari” tashkil etilib, u yerlarga koʻp turdagi mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Daraxt ekish ishlarida partiya faollari, tuman hokimliklari mutasaddilari, deputatlar, nuroniylar va yoshlar yanada faol boʻlishdi.
-Daraxt ekishdek ezgu ishlar, qon-qonimizga singib ketgan va bu ezgu yumush bizga zavq beradi,- deydi Uchkoʻpriklik Nurali ota. Mana bu ishlarimizni farzandlarimizga, nabiralarimizga, kelajak avlodlarimizga oʻrgatyapmiz. Bunda juda xursandmiz. Hali bu bogʻlar bir bogʻlar boʻlsinki, mevasi va soyasidan xalqimiz, avlodlarimiz bahramand boʻlib, bizni duo qilishadi Xudo xohlasa.
-Koʻchalarimizda daraxtlar koʻpayib, borgan sari shaharu qishloqlarimiz yanada obod va koʻrkam boʻlib bormoqda. Fayzli goʻshalar soni ortmoqda, -deydi yana bir Fargʻonalik hamyurtimiz Mahmudjon Abdullayev
-Oʻzim taksis haydovchisi boʻlganim bois, bu yashillik, bu goʻzalliklarni yoʻl boʻyi koʻrib juda xursand boʻlib ketaman. Turli manzarali daraxtlar, archa, kashtan, qaragʻay, pavloniya daraxtlarni ekilgani va ularni yashnab turgani kishiga qancha zavq beradi, -deydi M.Abdullayev.
-Bu daraxtlar atrof olamga, insonlarga yetarli kislorod yetkazib berish bilan birga atrof olamga, yaqin uzoqdagi changlarni, tutunlarni oʻziga yutib, havoni tozalab beradi. Qarabsizki, daraxtlar koʻp ekilgan hududlarni havosi toza va musaffo boʻlib ketadi. Bu goʻzalliklarni koʻrib toʻgʻrisi koʻchalarimizda manzarali daraxtlar bilan birgalikda mevali daraxtlarni yanada koʻpaytirish kerakligi haqida oʻylab qolaman. Ayniqsa, yoʻl boʻylarida manzarali daraxtlar bilan birga mevali daraxtlar, ularda olmalar, behilar, xurmolar pishib yotsa naqadar chiroyli manzara kasb etadi. Ham undan yeb, bahramand boʻlgan insonlar duo qilishadi. Oʻzim ham uyimda koʻchamizga mevali daraxtlarni koʻp ekaman. Bu orqali oilamizga baraka, farovonlik kirib kelmoqda. Qoʻni qoʻshnilar esa duo qilishib, mevalardan bahramand boʻlib, xursand boʻlib yurishadi.
Ha, bogʻ yaratmoq, yerga nihol qadamoq qanchalar ulugʻ va savobli ish sanaladi. Bugun ana shu ezgu ishlarni davom ettirib, daraxt yetishtirishni sanʼat darajasiga yetkazib, turli manzarali daraxtlarga goʻzal shakllar berib, uyida goʻzal va koʻrkam muhit yaratgan, daraxtlar bilan birga turli ajib gulzorlarni yaratayotgan hamyurtlarimizni haqiqatdan ham qoʻllarini gulga qiyoslaymiz. Ularning nafaqat qoʻllari gul, balki qalblarida ham mehr otashlari quyoshdek charaqlab turadi.
Fotima MANSUROVA,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
Fargʻona viloyat kengashi matbuot xodimi.









