“O'zgidromet” markazi mutaxassislarining xabar berishicha, joriy yilning    17-20 mart kunlari hududlarda ob-havo haroratining keskin pasayib ketishi, yomg'ir yog'ishi ayrim joylarda qorga aylanishi, kuchli shamol esishi, tog' va tog' oldi hududlarda qor ko'chishi va sel toshqini bo'lishi kutilyapti. Bu o'zgarishlarning mevali bog' va uzumzorlar, ertaki kartoshka va sabzavotlar hamda boshqa qishloq xo'jaligi ekinlariga salbiy ta'sirining oldini olish maqsadida Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Bog'dorchilik va issiqxona xo'jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan zarur choralar ko'rilyapti. Agentlikning hududlardagi loyiha ofislari mas'ullari, soha mutaxassislari joylarga chiqib fermer va qishloq xo'jaligi korxonalari, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalariga tushuntirish ishlarini olib borishyapti.

Agentlik vakillari Jizzaxning Baxmal tumanida “Imomov Zokir” fermer xo'jaligida bo'lishdi. Baxmallik fermerlarga ko'chatlar, sabzavotlarni sovuqdan himoya qilish bo'yicha tavsiyalar berildi. Maslahatu yo'riqnomalar amaliy tadbirlar orqali ko'rsatildi. Xususan, mevali bog'larning qator oralaridan sug'orish ariqlari olinib, kam miqdorda suv oqizildi. Qator oralariga go'ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to'plab, ular tutatildi.

Shuningdek, Agentlikning Pastarg'om tumani loyiha ofisi vakillari tomonidan Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi “Oqdaryo Jasur olmalari” fermer xo'jaligida ayni yo'nalishda amaliy tadbirlar o'tkazildi.

Bunday tezkor tadbirlar, amaliy sa'y-harakatlar Agentlik mas'ullari tomonidan har bir hududda o'tkazilyapti.

Sovuq havo haroratidan mevali bog'lar, ertaki sabzavot ekinlarini himoya qilish bo'yicha Qishloq xo'jaligi vazirligi boshchilida hududlarda tashkil etilgan tezkor guruhlar tarkibida agentlik xodimlari ham bor.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har gektarda 100-200 ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bog' ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlar bog'ning shamol esadigan tomoniga qo'yiladi va havo harorati kuzatib boriladi. Uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish zarur. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatiladi. Agar sovuq bo'lmasa uyumlar o'g'it sifatida foydalaniladi.

O'z navbatida zamonaviy issiqxonalarda etishtirilayotgan sabzavot va limonlarni sovuq urishining oldini olish maqsadida isitish tizimlarini uzluksiz ishlash choralarini ko'rish kerak.