Shukrki, mamlakatimizda aholiga zamonaviy tarzda ixtisoslashgan onkologik yordam ko'rsatuvchi yagona tizim yaratilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 10 ta davolash korpusi bo'lib, 370 o'ringa mo'ljallangan. Bu erda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafar xastaga ambulator tartibda xizmat ko'rsatilmoqda.
Shuningdek, saraton profilaktikasi, eksperimental onkologiya, nur terapiyasi uskunalari metrologiya markazlari faoliyati yo'lga qo'yilgan. Onkologiyada diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgani natijasida yurtimizdagi barcha onkologiya muassasalarida tibbiy diagnostika va yordam ko'rsatish yagona zamonaviy standartlar asosida bajariladi.
O'tgan yilning 14 - may kuni davlatimiz rahbari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bemor bolalar holidan xabar olgan, ularga va ota-onalarga qulayliklar yaratish bo'yicha tegishli topshiriqlar bergan edi. Oradan ko'p vaqt o'tmay, Prezidentimizning 2021 - yil 27 - maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qarorida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bo'yicha qator vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududida zamonaviy, yangi bino va inshootlar majmuasini qurish hamda jihozlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
— Buning uchun Koreya Respublikasining eng zamonaviy onkologiya klinikalari faoliyati o'rganib kelindi, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligi Bosh onkologi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag'olib Tillashayxov. — Ayni paytda Toshkent viloyati, Toshkent shahridagi filiallarni jamlagan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan 650 o'rinli yangi binosini qurish ishlari jadal sur'atda davom ettirilmoqda. Tez orada 1958 - yilda qurilgan hozirgi onkologiya markazi o'rnida Janubiy Koreya tajribasi asosida 650 statsionar, 100 ambulator o'ringa ega 10 qavatli yangi zamonaviy markaz qad rostlaydi. Yangi markaz 2023 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Islom taraqqiyot bankining 80 million AQSH dollariga teng investitsion dasturi qabul qilindi. Kelgusida bu mablag' onkologiya sohasida mamlakatimiz bo'ylab texnika va inson resursi salohiyatini rivojlantirishga yo'naltiriladi.
Shuningdek, Koreya Eksimbankining moliyaviy qiymati 150 million AQSH dollariga teng dasturi bo'yicha ilk bor yurtimizda 4-darajali Milliy onkologiya markazini yaratish bo'yicha loyiha boshlandi.
Ayni paytda markazda olib borilgan ta'mirlash va rekonstruktsiya ishlari tufayli bir qancha qulayliklar yuzaga keldi. Ilgari binoning atrofi, ichkarisida uzundan-uzoq navbat kuzatilar, ayniqsa, kichkina poliklinikada odam ko'pligidan nafas olishga havo etmasdi. Tor, qorong'i yo'laklarda bemorlarning turnaqator navbatini ko'rgan odamning ko'ngli xijil bo'lardi. Hozir shifoxonaga yorug', zamonaviy diagnostika bo'limi orqali qadam qo'yish mumkin.
Yangi ta'mirdan chiqqan uch qavatli binoda diagnostika ishlari olib boriladi. Bo'lim rentgen, ul`tratovushli apparat va boshqa zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Katta monitorda markazda yaratilgan imkoniyatlar namoyish etib boriladi. Bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida 180 ta o'rindiq o'rnatilgan.
Markazda gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar bo'yicha axborot tizimi joriy etilgan. Foydalaniladigan dorilar ro'yxati ularning samaradorligini hisobga olgan holda, har yili yangilab boriladi. Aholi orasida ushbu kasalliklarga qarshi kurashish maqsadida xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi beg'araz ko'mak mablag'larni jalb etishni kuchaytirish, Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash das turi, klinik protokollarni qayta ishlab chiqish va tasdiqlash yuzasidan ish olib borilmoqda.
Markazda onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo'yicha qator ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Buxoro viloyatida sinov shaklida ilk bor zamonaviy 3D raqamli 13 statsionar va 2 mobil` mammograf uskunada skrining tadbiri amalga oshirildi. MDH davlatlari orasida birinchi marotaba Buxoro viloyatida ayollar o'rtasida sut bezi saratonini aniqlash uchun skrining tadbirlari o'tkazildi.
Tibbiyot muassasasida jigar va me'da osti bezi bo'limi faoliyat boshlaganiga bir yilga yaqin vaqt bo'ldi. Ayni paytda bu erda jigar va me'da osti bezi saratonida o'tkaziladigan yuqori texnologik, murakkab jarrohlik amaliyotlari yo'lga qo'yilgan. Shu kunga qadar 30 ga yaqin me'da osti saratoni, 100 ga yaqin jigar saratoni bo'yicha operatsiya o'tkazildi.
— O't pufagimda o'zgarish sezib, shifokorga murojaat qilsam, undan tarqalayotgan zahar organizmimdagi boshqa a'zolarga ham ta'sir ko'rsatayotganini aytdi, — deydi Farg'ona viloyatidan kelgan To'xtaxon Noralieva. — Shu markazga shifo istab keldim. Bu erda o't pufagimda o'sma kasalligi borligi tasdiqlandi. Hozir malakali shifokorlar davolayapti. Jarrohlik amaliyotidan so'ng tuzalib ketishimga umid qilyapman.
Majmuada xorijiy davlatlardan kelib davolanayotgan bemorlar ham ko'p. Bu yurtimizda aholiga onkologik xizmat ko'rsatish sifati oshib borayotgani, tibbiyot turizmi rivojlanayotganidan dalolat beradi.
— Qozog'istondanman, — deydi To'xtaqobil Otaboev. — Oshqozonosti bezida saraton aniqlangach, to'g'ri shu erga kelaverdim. Markazda barcha sharoit etarli, tajribali, xorijda malaka oshirgan shifokorlar faoliyat olib borishi, rivojlangan mamlakatlarda qilinadigan operatsiyalar shu erda ham o'tkazilishi haqida eshitgan edim. Adashmagan ekanman. Shifoxona toza-ozoda, ta'mirdan chiqqan. Dori-darmon etarli. Do'xtirlar zamonaviy apparatlarda tekshirdi. Hozir davolanyapman.
Onkologik kasalliklar nafaqat katta yoshdagi aholi, balki bolalar salomatligiga ham jiddiy ta'sir etayotgan muammolardan biridir. Bunday kasalliklar profilaktikasiga oid tadbirlarni samarali tashkil etish va xastalikni erta bosqichda aniqlash orqali minglab bemorlarni sog'lom hayotga qaytarish mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazining bolalar onkologiyasi bo'limida muolaja olayotgan bolalar va hayot sinovlari oldida mardona turgan ota-onalarning orzu-umidlariga quloq tutsangiz, tansihatlik nechog'liq ulug' ne'mat ekanini yana bir bor his qilasiz.
Prezident Shavkat Mirziyoev o'tgan yilning 14 may kuni bu erga tashrif buyurib, davolanayotgan bolalarga shifo tilab, ota-onalarga dalda bergandi.
— Bu bir sinov. Ana shu sinovlardan bardosh bilan o'tib, tezroq sog'ayib, uyga qaytsalaringiz, hammamiz xursand bo'lamiz. Men bolalar, yoshlar haqida ko'p gapiraman, ularga katta umidlar bog'layman. Ilohim, mana shu bolalarning ham kasalligi esdan chiqib, xalqimizga xizmat qiladigan farzandlar bo'lib etishsin. Ulug' ayyom kunlarida Xudodan shuni so'raymiz, — degan edi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari bilan uchrashgan bemor bolalarning xorijdagi etakchi klinikalarda davolanib qaytishi uchun imkoniyat yaratildi. Ulardan biri Madina Egamberdieva.
— Qizim dardmandligi sabab dunyo ko'zimga qorong'i bo'lib, yupanch topolmay turgandim, — deydi Madinaning onasi Dilnoza Rasulova. — Prezidentimizning holimizdan xabar olgani, biz bilan samimiy suhbati o'ksik ko'nglimizga dalda bo'ldi. U kishining yordami bilan qizimni Rossiya Federatsiyasida davolatib qaytdik. U erda ham tekshiruvlar olib borildi. Bu erda qo'yilgan diagnoz u erda ham tasdiqlandi. Suyakdan chiqqan o'smani ichki protez bilan o'zgartirish kerak edi. Sababi, bola o'sgani sari protez ham sekin kattalashadi. Moskvadagi onkologiya markazida tizza-bo'yin sohasiga protez qo'yildi. Bu juda murakkab operatsiya edi. Natija yomon bo'lmadi. Bir kurs muolajadan so'ng yurtimizga qaytib, qolgan davolanishni shu erda davom ettiryapmiz. Muttasil muolajalardan so'ng moddiy jihatdan qiynalib turgan paytimizda davlatimiz rahbarining bu yordamidan boshimiz osmonga etdi. Bolalarimizga yashashga umid bergani, bizni suyagani uchun Prezidentimizdan nihoyatda minnatdormiz.
Hozir Madinaning ahvoli yaxshi. U sekin-asta yurishga harakat qilmoqda. Davlatimiz rahbari bilan uchrashuv qizning hayotida unutilmas voqea bo'ldi. U davlatimiz rahbariga orzulari, xususan, onkolog shifokor bo'lishi haqida gapirib berdi. Hozir tezroq sog'ayishga va oliy ma'lumot olishga harakat qilyapti.
Onkologik kasalliklar katta mablag' va yuqori tibbiy imkoniyatlarni talab qiladi. Prezidentimiz tashrifidan so'ng xorijda davolanishga ehtiyoji bor 10 nafar bola chet elning etakchi klinikalarida kimyoterapiya va jarrohlik amaliyotini o'tkazib qaytdi. Dardlari engillagan. Ota-onalar ko'zida farzandining ertasidan umidvorlik seziladi.
— Prezidentimiz bilan uchrashishni kutmagan edik. Eshikdan kirib kelganida qattiq hayajonlandim. Biz bilan suhbatlashganidan keyin ko'nglim tog'day ko'tarildi. Qizimga ikkita yuqori dozali kimyo terapiya o'tkazilishi zarur edi. U kishining yordami bilan ana shu muolajani Moskva shahrida oldik. Davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiramiz. Agar shu yordam bo'lmaganda qizimizni boy berishimiz mumkin edi... Hozir kasallik barqaror holatda. Davolanishni shu markazda davom ettiryapmiz, — deydi bemor Mahliyo Boyqulovaning onasi Dilnoza Bobomurodova.
Sog'liqni saqlash tizimidagi masalalarni chuqur tahlil qilish, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari hamisha davlatimiz rahbarining e'tiborida bo'lib kelgan. Prezidentimiz joylarga tashrifi davomida bu masalaga alohida to'xtalib, tizimni yanada takomillashtirish bo'yicha tegishli ko'rsatmalar bermoqda. O'tgan yilning noyabr` oyida Shayxontohur tumanidagi Markaziy ko'ptarmoqli poliklinikaga tashrif buyurib, u erda yaratilgan shart-sharoitni ko'zdan kechirgandi. Tibbiy yordamga muhtoj aholining kasallik turlari bo'yicha shakllantirilgan elektron tibbiy ro'yxati asosida maqsadli xonadonbay tibbiy ko'riklar tashkil etish, ularni individual ambulator va statsionar sharoitda davolash hamda sog'lomlashtirish rejasini shakllantirish, bemorlarning to'laqonli davolanishini ta'minlash maqsadida dori vositalariga ehtiyojni aniqlash yuzasidan vazifalar yuklatilgan. Ana shu topshiriqlar ijrosi bilan tanishish asnosida xalqimizni rozi qilish, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo'lgan talabni qondirish kabi ulug' maqsad yo'lida olib borilayotgan sa'y-harakatlar o'zining dastlabki samarasini berayotganiga guvoh bo'ldik.
Shayxontohur tumanidagi Markaziy ko'ptarmoqli poliklinika 1994 - yilda qurilgan, 2017 - yili rekonstruktsiya qilingan. Bu erda terapiya, nevrologiya, kardiologiya, revmatologiya, allergologiya, pediatriya, jarrohlik kabi bo'limlar, tashxis uskunalari mavjud.
Ushbu markaziy poliklinika va uning tarkibidagi 9 ta oilaviy poliklinika tumanning 51 ta mahallasida yashovchi 346 ming aholiga xizmat ko'rsatyapti. Davlatimiz rahbarining topshirig'iga binoan Shayxontohur tumani aholisining ehtiyojmand qatlamini ajratib olish maqsadida maxsus so'rovnoma tuzildi. Ma'lumotlar tahlilini osonlashtirish, shaffoflikni ta'minlash maqsadida maxsus elektron dastur ishlab chiqilgan. Shu dastur asosida Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi aholining turar joylariga chiqib, so'rovnoma o'tkazildi.
So'rovnoma asosida aholining tibbiy yordamga muhtoj qismi kasallik turlari bo'yicha ajratib olindi va ularning elektron ro'yxati shakllantirildi. Ushbu jarayonga jami 500 nafar tibbiy xodim jalb etildi. Tor doiradagi mutaxassislar tomonidan poliklinikaga kela oladigan qatlam poliklinikada, kela olmaydigan, yotib qolgan bemorlar o'z xonadonida tibbiy ko'rikdan o'tkazilyapti.
— Bemorlarga qo'yilgan tashxis bo'yicha dori vositalari taqsimoti ro'yxati shakllantirildi, — dedi Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasi boshlig'i Anvar Qilichev. — Ehtiyoj bo'yicha kerakli dori vositalarini sotib olish maqsadida dekabr` oyida 137 million so'm mablag' ajratildi va 49 turdagi dori vositalari xarid qilindi. Qo'shimcha ravishda tuman hokimligi tomonidan ehtiyojmand aholining dori-darmoni uchun 473 million so'm ajratilib, 226 turdagi dori olindi hamda aholiga tarqatildi.
Shayxontohur tumani bo'yicha so'rovnoma asosida ehtiyojmand aholi saralab olindi va ro'yxat asosida tor doiradagi mutaxassislar tomonidan ko'rik o'tkazilyapti. Bugunga kelib 523 nafar aholi ambulator sharoitda va 332 nafar aholi shahardagi shifoxonalarda, 52 nafari respublika tasarrufidagi shifoxonalarda statsionar sharoitda davolandi.
— Bu poliklinikaga 40 yildan beri kelaman, — deydi Shofayzi mahallasida istiqomat qiluvchi Zarifa Mamadalieva. — Avvalgi poliklinikamizda sharoitlar etarli emasdi. Prezidentimiz kelganidan so'ng e'tibor kuchaydi. Hozir zamonaviylashgan poliklinikada hamma sharoit bor. Uskunalar, apparatlar yangilangan. Shifokorlar diqqat bilan dardingizni tinglaydi. Mahallada sog'lomlashtirish ishlari olib borildi. Yordamga muhtoj, oilaviy sharoiti og'ir, davolanishga mablag'i yo'q bemorlar dori-darmon bilan ta'minlandi. Yuragim bezovta qilib, qon bosimim oshib ketardi. Oilaviy sharoitimiz og'irligi uchun “Ayollar daftari”ga kiritilganman. Shu sababli 3 oyga etadigan barcha dori menga poliklinika tomonidan bepul berildi. Avvallari dorixonama-dorixona yurardim. Ba'zida doriga pul topolmay qiynalardim. Turmush o'rtog'im 2-guruh nogironi. Uning ham muolajasiga pul kerak, buyoqda bolalarning tashvishi... Prezidentimizga rahmat, bizga shunday sharoit va ko'mak bergani uchun. Barchasi uchun minnatdormiz.
Ambulator sharoitda davolanadigan bemorlar Shayxontohur tumanida joylashgan oilaviy poliklinikalarning kunduzgi shifoxonalarida davolanyapti. Statsionar sharoitda davolanadigan bemorlar belgilangan tartibda respublika va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarga yo'llanma asosida davolanishga yuborilmoqda. Joriy etilayotgan har bir yangilik fuqarolar tomonidan mamnuniyat bilan e'tirof etilayotir.
— Yuragim ko'p bezovta qilib, nafasim qisiladi. Turmush o'rtog'im ham yurak-qon tomir kasalligidan aziyat chekadi. Poliklinikaga chiqqandik, 1-shahar shifoxonasida yotib davolanishimiz uchun order beriladigan bo'ldi. Bundan boshim osmonga etdi, — deydi “Qizilg'uncha” mahallasida istiqomat qiluvchi Dilbar Miralieva. — Avval bunday sharoit qayda edi, deysiz. Hozir poliklinika binosi ta'mirlangan, shifokorlar odamning joniga jon bo'lyapti. Barcha tahlil namunalari shu erning o'zida, zamonaviy laboratoriyada tekshiriladi. Ovora bo'lib boshqa joyga borib yurmaysiz. UTT, rentgen apparatlari yangi. Poliklinikada kunduzgi statsionarda yotib davolandik. Juda yaxshi qarashdi.
Birlamchi bo'g'inning sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish salohiyatini oshirish, tarmoq faoliyatidan aholini rozi qilish yo'lidagi islohotlar ifodasini bugun har bir inson o'z hayotida yaqqol ko'rmoqda. Zotan, bu boradagi yangilanish va o'zgarishlar qamrovi bugun yurtimizdagi har bir oilaga kirib borayotgani yurtdoshlarimizning minnatdorlik so'zlari-yu qalbidagi dil rozidan ayon.
Davlatimiz rahbari ushbu muassasaga tashrifi chog'ida “Zamon talabi shunday: xususiy tibbiyot rivojlanib boraveradi. Aholining bir qismi xususiy klinikalarga boradi. Lekin davlat barcha aholini sifatli tibbiyot bilan qamrab olishi kerak. Shuning uchun bu erni klasterga aylantirib, davolashni manzilli yo'lga qo'yish, samaradorligi va qamrovini oshirish zarur. Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak”, degan edi.
— Shayxontohur tumanida joylashgan barcha tibbiyot muassasalari, shahar 1-klinik shifoxonasi, ko'ptarmoqli poliklinika, yonimizda joylashgan shahar perinatal markazi hamda boshqa tibbiy muassasalarni birlashtirib, klaster tashkil etilmoqda, — deydi Ibn Sino nomidagi shahar 1-klinik shifoxonasi bosh shifokorining jarrohlik bo'yicha o'rinbosari Akrom Bobojonov. — 2022 - yilning 1 - iyuniga qadar ishga tushirilishi kutilayotgan mazkur loyihaning bir qator afzalliklari bor.
Avvallari murakkab bo'lgan davolash-diagnostika jarayoni yagona tizim asosida takomillashtiriladi. Jahon andozalariga mos tibbiy anjomlar bilan jihozlanishi eng murakkab kasalliklarga tashxis qo'yish va davolash imkoniyatini yaratadi. Markaziy klinik laboratoriyalarda olib borilayotgan tekshiruvlar 30-40 foizga oshishi kutilmoqda. Jarrohlik, ginekologiya sohalarida ham yagona tizimga o'tish rejalashtirilyapti.
Sohada innovatsiya va biotexnologiyani rivojlantirish uchun keng yo'l ochiladi. Yana konsul`tatsiya xizmati soddalashtirilib, tekshirish, davolash, dispanser nazoratiga olish hamda reabilitatsiya qilish sifati oshadi. Tibbiyot xizmatini raqamlashtirish orqali aholiga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko'rsatiladi. Shifokorlarga ishdan ajralmagan holda, ilmiy-amaliy malaka oshirish imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi, aholi uchun markazlashgan, zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat sharoiti paydo bo'ladi.