Yaxshigina qalami bor, biroq faqat tahririyatlardan oladigan gonorar hisobiga kun koʻradi. Aniqrogʻi, kun koʻrish uchun yozib turadi. Doim katta orzular bilan yashaydi. Ammo asar soʻngiga qadar kambagʻalligicha qoladi.

Chetdan qaraganda, buning barchasiga qah­ramonning oʻzi yoki taqdir aybdordek. U doim bu girdobdan chiqishga urinsa-da, ja­miyatning befarqligi, atrofdagilarning sovuqqonligi, qoʻl uzatadigan kishi yoʻqligi tufayli kambagʻallik domiga tobora chuqur kirib boradi. Hech kim unga koʻmak berishni istamadi. Barchaning nazarida u nochor kimsa edi.

Kambagʻallikning ildizi koʻpincha ana shunday befarqlikka borib taqaladi. Nochor, ishsiz odam jamiyatdan uzilib qoladi, oʻzini atrofga begonadek his qiladi. Yordam beradi­gan bir necha kishini aytmasa, odamlar ham undan chetroq boʻlishga intiladi. Chunki qoʻl­dan berganga qush toʻymas. Ishsiz, doimiy da­romadga ega boʻlmagan odam oʻzini oʻnglab oli­shi baribir qiyin. Qoʻlida hunari, kasb-kori boʻlmagan kishi tayinli ish topishi ham amri mahol. Natijada kambagʻallik faqat moddiy yetishmovchilik emas, balki ruhiy tushkunlik, oʻzini keraksiz his qilishga olib keladi.

Yangi Oʻzbekistonda kambagʻallikka qar­shi kurash boshlangan dastlabki kunlarda­noq ana shunday boshi berk koʻchaga kirib qolgan insonlarga yordam qoʻli uzatildi. Bu shunchaki moddiy koʻmak emas, balki real va doimiy daromadga ega boʻlish, farovon hayot kechirish, jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida barcha qulayliklardan foydala­nish uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyoz­lar edi.

Shu tariqa yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish milliy harakatga aylandi. Oʻtgan davrda bu harakat bir muddat boʻlsa- da toʻxtamadi. Yildan yilga faollashib, takomillashib boryapti. Shunga yarasha kam­bagʻallik koʻrsatkichi ham pasaymoqda. Oʻtgan yili kambagʻallik 8,9 foizdan 5,8 foizga tushirildi. 2026-yil yakunida 2,8 foizga tu­shishi, 2030-yilga borib esa mamlakatimizda kambagʻallikka toʻliq barham berish vazifasi qoʻyilgan.

Bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Ularning ortida oilalar farovonligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar, chora- tadbirlar turibdi. Yoʻnalishlar, harakatlar koʻlami nihoyatda keng. Yurtimizdagi har bir soha deyarli ana shu vazifaga yoʻnaltiril­gan. Birgina bandlik yoʻnalishini olaylik. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili 5,4 million yurtdoshimizning bandligi taʼminlanib, millionlab odam doimiy ish oʻrni, tadbir­korlik va yangi iqtisodiy imkoniyatlar orqa­li daromad manbaiga ega boʻldi. Shuningdek, hokim yordamchilari koʻmagida mahallalarda 410 mingga yaqin mikroloyiha ishga tushiri­lishi natijasida 840 ming kishining ras­miy bandligi taʼminlandi.

Har bir xonadondan fuqarogacha

Aholi bandligini taʼminlash kambagʻal­likni qisqartirishning asosiy va eng muhim qismi. Chunki kambagʻal oila aʼzolariga har qancha moddiy koʻmak berilmasin, doimiy ish joyi boʻlmasa, turmushini izga solib olishi qiyin kechadi. Bu tushunarli. Ammo masala­ning boshqa jihati bor. Gap shundaki, aholi bandligini taʼminlash hamma mamlakatda dolzarb masalalardan.

— Bugun dunyo eʼtirof etayotgan, kerak boʻlsa, namuna olayotgan yangi taraqqiyot mo­delining oʻziga xosligi ham shunda — aho­lining ishsiz qatlami uchun turli yoʻnalish­larda doimiy daromad manbaini yaratishga qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekistonda kamba­gʻallikni qisqartirishda asosiy yetti tamo­yil tanlab olingan. Bu faqat moliyaviy yoki ijtimoiy xizmatlar bilan cheklanib qol­maydi, — deydi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Joʻrayev. — Bunda aholining taʼlim olishi, tibbiy xizmatlardan foydalanishi, yashash sharoiti, mahalla infratuzilmasini yaxshilashi, davlat organlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilishini taʼminlash kabilar qamrab olinadi. Ana shu yoʻnalishlar boʻyi­cha kambagʻal oilalarga 200 dan ortiq xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Barqaror bandlik yoʻ­nalishida oilalarni xizmatlar bilan qam­rab olish, yuqori daromad topishga qaratil­gan saʼy-harakatlar shular jumlasidan. Bu yoʻnalishda 50 dan ortiq xizmat mavjud boʻ­lib, ular kasb-hunarga oʻqitish, doimiy ishga joylashtirish hamda tadbirkorlikka jalb qilish kabilarni qamrab oladi. 2025-yili kambagʻal oilalar reestriga kiritilgan 523 ming oilaga “individual rejalar” asosida daromadini oshirishga qaratilgan qariyb 951 mingta xizmat koʻrsatildi.

Natijada 369 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 132 ming fuqaroga kredit va subsidiya ajratildi, 395 ming yurtdoshi­miz tadbirkorlikka jalb qilindi, 54 mingi kasb-hunarga oʻqitildi. Shu tariqa 2 mil­lion kishining moddiy ahvoli yaxshilanib, kambagʻallikdan chiqarildi. Bundan tashqari, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 32 yoʻ­nalishda pilot loyihalar amalga oshirilib, 120 ming kambagʻal oilaning daromadini koʻpaytirish hisobiga reestrdan chiqarishga erishildi.

Yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoy va boshqa rivojlangan dav­latlar tajribasi asos qilib olinganidan xabardormiz. Ammo bu dastlabki harakatlar uchun zarur tajriba edi. Keyingi qadamlar faollashib ketdi. Bu borada yaratilgan aholi bandligini taʼminlashdagi koʻplab yoʻna­lishlar mamlakatimizgagina xos noyob ama­liyotga aylandi. Xonadonlardagi tomorqani daromad manbaiga aylantirishdan tortib, boʻsh yerlarni kambagʻal oilalar, yoshlarga im­tiyozli shartlarda ajratib berish, tadbir­korlar uchun tashkil etilayotgan katta-kichik sanoat zonalari soʻzimiz tasdigʻidir.

Bu borada eng katta samara bergan taj­ribalardan biri mahallabay ishlash tizimi va “mahalla yettiligi” faoliyatining yoʻlga qoʻyilganidir. U nafaqat yurtimiz, balki jahon amaliyotida oʻxshashi yoʻq, noyob tajri­ba. Yangicha yondashuv har bir xonadonni mo­liyaviy instrumentlar bilan qamrab olish imkonini berdi. Bugun aksariyat loyiha va harakatlar mahallada amalga oshirilyapti. Kambagʻallikka barham berish choralari ham mahallalarning oʻzida koʻrilyapti. Maʼlu­motlarga koʻra, oʻtgan yili yurtimizdagi 1435 mahalla kambagʻallikdan xoli hududga aylan­tirildi. Joriy yilda bu raqamni 3500 taga yetkazish koʻzlangan.

Sharoiti ogʻir hududlarga qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi

Bir qarashda mahalla doirasida odamlar­ni daromadli qilish imkonsizdek koʻrinadi. Axir kichik hududda qancha ham ish oʻrni ochish mumkin deb oʻylardik. Davlatimiz rahba­ri tashabbusi bilan ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar buning aksini koʻrsatdi. Bir­gina tomorqachilik yoʻnalishini olaylik. Avvallari hovlisidagi tomorqadan faqat oʻz ehtiyoji uchun foydalangan odamlar bu­gun kichik maydondan yaxshigina daromad topyapti. Yilda bir necha marotaba hosil yetishtirayotgan ayrim oilalar shuning oʻzi­dan roʻzgʻor tebratib, kam-koʻstini butlayapti. Masalan, 10 sotix yerdan baʼzi xonadonlar yiliga 5-10 million soʻm daromad topayotgan bir vaqtda xuddi shuncha maydondan 150-200 million soʻm pul ishlayotgan oilalar bor. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan ana shunday ilgʻor tajribalar turli hudud­larda ommalashtirilmoqda. Xonadonlarda tomorqa maktablari tashkil etilib, aholi­ning dehqonchilik koʻnikmalarini oshirish boʻyicha ishlar bajarilyapti. Joriy yilda 84 ta koʻrgazmali oʻquv-tajriba maydonini barpo etish koʻzda tutilgan.

Qolaversa, bir turdagi mahsulotni yetish­tirib, katta miqdorda eksport qilayotgan ix­tisoslashgan mahallalar paydo boʻldi. Oʻtgan yili “Bir mahalla — bir mahsulot” dasturi doirasida 1944 mahallada ayni shu tamoyil yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, bu yil ularning soni­ni kamida 2500 taga yetkazish maqsad qilin­gan. Yaxshi jihati, bir hududda bir turdagi mahsulotlarni ekish agrotexnik jihatdan parvarishlash, yigʻib olib sotish nuqtai na­zaridan ham bir xil yondashuvni taʼminlab, eksportda katta qulaylik yaratadi. Bu tajri­ba katta maydonlarda qoʻllanayotgani boisi ham shunda. Joriy yilda 117 tumanda kamida 50 gektar maydonda sanoatlashgan plantatsiya­lar tashkil qilib, “bir kontur — bir mahsu­lot” tamoyili asosidagi ishlarni 145 ming gektarga yetkazish koʻzda tutilgan.

— Mahallalarni chuqur ixtisoslash­tirish samara beryapti, — deydi Marat Joʻrayev. — Bunday mahallada ishsizlar, migrantlar va muammoli kreditlar kam boʻ­ladi. Chunki deyarli har bir xonadon muayyan yoʻnalishda band boʻladi. Bugun yurtimizda 8992 mahalla boʻlsa, shundan 3207 tasi chu­qur ixtisoslashgan. Bu mana shu mahallalar­ning har birida 50 foizdan koʻproq xonadon aynan bir turdagi yoʻnalishda ish yuritadi, degani. Ushbu yoʻnalishlar har bir mahalla­ning oʻziga xos jihatlari, nisbiy ustunli­gi va boshqa omillar asosida tanlab olinib, alohida dastur ishlab chiqilgan. Uning ij­rosi ham qatʼiy nazoratga olingan.

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi Beshkapa mahallasiga borsangiz, deyarli har bir xonadon sohibini arqon toʻqiyotgan holda uchratasiz. Chunki bu manzil “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida arqon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, 300 dan or­tiq xonadon shu hunar ortidan daromad topyap­ti. Ilgari qoʻlda, cheklangan hajmda tayyorlan­gan mahsulotlar bugun zamonaviy uskunalar yordamida ishlab chiqarilmoqda. Arqon toʻqish, ot-ulov anjomlari, zanjir va halqa tayyorlash jarayoni mexanizatsiyalashgan. Mahalla amalda kichik sanoat klasteriga aylandi. Shu bois, bu yerni koʻpchilik arqonchilar mahallasi sifati­da yaxshi biladi.

Odamlarning oʻzi bilan gaplashsangiz, daromadi yaxshi ekanini aytadi. Xonadoni­da toʻrttagacha dastgohi bor kasanachilar 12 million soʻmgacha daromad topar ekan. Ay­rim xonadonlarda tikuv-trikotaj sexlari uchun belbogʻ, bezak, poyabzal ishlab chiqa­radigan korxonalarga bogʻich tayyorlanadi. Buning uchun oʻrtacha 15-20 ta zamonaviy us­kuna oʻrnatilgan. Kasanachilar bozorni mun­tazam tahlil qiladi. Mijozlar talabiga qarab mahsulotlar turi va dizaynini mut­tasil yangilab boradi. Baʼzi xonadonlarda ish koʻlami ancha kengayib, kattaroq joyga ehtiyoj paydo boʻlgan. Shu bois, mahallada 5 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tash­kil etish rejalashtirilgan. Xonadonlarda­gi ishlab chiqarish jarayoni mazkur hududga koʻchiriladi.

Gap raqamlarda emas, natijada. Mahal­lalarning oʻzida ish oʻrinlari ochish juda katta harakat hamda samarali imkoniyatdir. Ammo buning uchun sharoit zarur. Masalan, tomorqadan unumli foydalanishga suv taʼ­minoti kerak. Tadbirkorlikni rivojlan­tirish, sanoat zonalari tashkil qilish uchun yoʻllar infratuzilmasi, elektr energiyasi va koʻchalarni yoritish tizimini yaxshilash talab etiladi.

— Oʻtgan yili mamlakatimiz boʻylab eng ogʻir ahvoldagi mahallalarni tanlab olib, ularda infratuzilma, suv taʼminoti, ichki yoʻllar, koʻchalarni yoritish boʻyicha loyihalar amalga oshirilgani katta samara berdi, — deydi Marat Joʻrayev. — Chunki kambagʻallik asosan sharoiti ogʻir hududlarda koʻp boʻla­di. Bu hududlarni rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish mumkin. 2025-yilda jami 1024 ta mahalla tanlab olinib, shundan suv taʼminoti ogʻir 864 mahalladagi xonadonlar sugʻorma suv bilan taʼminlandi. Baʼzi xonadonlarga ilk bor obihayot kirib bordi. Natijada 80 ming gektarga yaqin yer oʻzlashtirilib, odamlarga daromad kelti­radigan aktivga aylandi. 954 mahallaning elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi. Bu yil ham sharoiti ogʻir 37 tuman va 915 mahal­lani tanlab olganmiz. Ushbu mablagʻ, birin­chi navbatda, oʻsha tuman va mahallalardagi infratuzilmani yaxshilash, odamlarning tad­birkorlik loyihalarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

* * *

Maʼlumotlarga koʻra, bugun yurtimizda mehnat yoshidagi 21 milliondan ziyod fuqaro mavjud. Ayni paytda 38 million fuqaroga ega Oʻzbekiston uchun bu katta mehnat resursi. Joriy yil avvalida mamlakatimizdagi ish­sizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etgani holda yil soʻngiga qadar buni 4,5 foizga tu­shirish reja qilingan. 2026-yil uchun Band­lik dasturi ham tasdiqlangan.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotiga koʻra, mazkur dastur tarkibiy jihatdan uch qismga boʻlinadi. Birinchisi, yil oxirigacha 1 million fu­qaroni doimiy ishga joylashtirish reja­si boʻlsa, ikkinchisi, 4 million kishining daromadini oshirishga qaratilgan. Bunda aholi tomorqasidan unumli foydalanish, kasanachilik, mikroloyihalarni yoʻlga qoʻyish ishlari jadal davom ettiriladi. Uchinchi reja esa norasmiy ish oʻrinlari­ni soyadan chiqarish boʻyicha koʻrsatkichni 1 millionga yetkazishga qaratilgan. Bu oʻt­gan yillardagidan 2 barobar koʻp ekani ay­tilmoqda.

Bandlik dasturini amalga oshirish uchun qariyb 165 trillion soʻm ajratiladi. Bu pulni 30 dan ortiq loyihaga yoʻnaltirish koʻzlangan. Xususan, “Bandlik organlari — ish beruvchilar hamkori”, “Barqaror kelajak sari”, “Mahallada tadbirkorlikni rivoj­lantirish”, “Mehnatsevar ayol”, “Teng imko­niyat” kabi yangi dasturlar ishga tushiriladi. Bu loyihalarning har biri orqali oʻnlab, yuzlab fuqarolar kasb-hunarli, ishli boʻla­di. Maqsad ham shu — loyihalarni rejaning ortidan quvib emas, balki aql bilan, zamo­naviy yondashuvlar asosida amalga oshirishga qaratilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ishga tushirgan “Oson ish” plat­formasi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Loyiha odamlarga zamonaviy, raqamlashgan tizim orqali ish topishga koʻmaklashadi. Tizim ishi sunʼiy intellektga asoslana­di. Ish izlovchi hamda ish beruvchiga mos boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlarni saralab, avtomatik roʻyxatni shakllanti­rib beradi. Saralash moduli malaka, muta­xassislik, hudud, maosh kabi besh yoʻnalish boʻyicha tanlaydi. Saralangan ish oʻrinlari talabgor yoki ish beruvchiga necha foiz mos kelishigacha koʻrsatib beradi. Yaʼni mazkur platforma elektron mehnat bozori boʻlib, ish izlash va topishni tezlashtirish, shaf­fof mexanizm sifatida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri