Joriy yil 24-mart kuni prezidentimiz raisligida “obod qishloq” va “obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida uy-joy qurilishi bo'yicha “bag'dod tajribasi”ni o'rganish yuzasidan hamma hokimlarga topshiriq berildi.
Xalq tilida “dasht” deb ataladigan hudud asrlar davomida qurib-qaqshab yotgan. Ekin-tikin ekaylik desa, eri tosh-shag'aldan iborat. Suv ta'minoti muamolar ichra eng og'iri bo'lib kelgan. Shu bois tuman markazidan 12-13 kilometr olisda tez orada ko'rkam va zamonaviy shaharcha qad rostlaydi, desa ko'pchilikka xayoliy orzu bo'lib tuyulardi.
Bugungi kunda ushbu maskan manzarasi shiddat bilan o'zgarib boryapti. Dasht qo'ynida chinakam yangilanish ishlari ketyapti. Qo'li-qo'liga tegmay g'isht terayotgan quruvchilarning mahorati, qudratli texnikalarning yordami tufayli ko'p qavatli uy-joy binolari tez va soz qad ko'tarilyapti. Bu yumushlarni bajarishda 19 ta ixtisoslashgan tadbirkorlik sub'ekti ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, mazkur uy-joyda yashaydigan fuqarolarning kundalik hayot tarzi uchun kerakli bo'lgan yo'l, suv, elekt energiyasi, tabiiy gaz ta'minoti bilan bog'liq bo'lgan infratuzilma tarmoqlarini qurish ham bir yo'la olib borilyapti.
— O'tgan 85 yil mobaynida tumanimizda bor-yo'g'i 53 ta ko'p qavatli 786 ta xonadonli uylar qurilgan xolos, — deydi tuman hokimi Vosiljon Nazarov. — Albatta, bu tez orada o'tmish xotiralariga aylanadi. Bugun tumanimizda aholining uy-joyga bo'lgan talabini inobatga olib, istiqbolli dasturlari ishlab chiqildi, ularni hayotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi. Birgina 2021 yilning o'zida 1000 xonadonga mo'ljallangan 50 ta bir pod'ezli 5 qavatli yangi uy-joylar quriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, 3,6 kilometr tabiiy gaz, 6 kilometr elektr, 2,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortiladi. 10 ta transformator, 2 dona tik quduq, 1 dona rezervuar, suv tozalash inshooti, 2 kilometrdan ortiq yangi yo'l quriladi. Bu ishlar uchun 9 milliard 309 mln so'mdan ortiq mablag' jalb etilishi ko'zda tutilgan.
Yana bir muhim jihat. Olib borilayotgan qurilish ko'lamlari ijtimoiy ob'ektlarni barpo etish loyihalariga hamohangligi bilan e'tiborni tortadi. Ayni chog'da mahalla fuqarolar yig'inining yangi binosi, mavjud 120 o'rinli maktab hududida qo'shimcha 440 o'rinli o'quv maskani, kovorking markazi, 150 o'rinli maktabgacha ta'lim muassasasi, 30 o'rinli xususiy shifoxona, savdo va ko'ngilochar markazi, umumiy ovqatlanish shahobchalari, kichik istirohat bog'i, sport majmualari, choyxona va mehmonxona qurilishi bo'yicha loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov deyarli har kuni ushbu hudududagi qurilish jarayoni bilan tanishib boryapti. Kecha “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig'iniga tashrif buyurib, har bir qurilish tashkiloti rahbari bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Ish jarayonini jadallashtirish va istiqbol loyihalar mas'uliyati borasidagi amaliy taklif va tavsiyalarini berdi.
— Bu uylar sifatli, narxi arzon bo'lishi muhim, — dedi viloyat hokimi. — Qolaversa, qurilish madaniyatini ham shakllantirish kerak. YAqin istiqbolda mazkur hududda yuzlab ko'p qavatli uylar qurish imkoni bor. Shu bois, har bir qurilish rejasini ishlab chiqishda keyingi o'n besh, yigirma yillik taraqqiyot mezonlarini inobatga olish lozim.
Yetti million so'mga yangi uy sohibi bo'lish mumkin
Ilgari aholining kam ta'minlangan qismi tomonidan yangi uy-joylarni sotib olish bo'yicha dastlabki to'lovlarni amalga oshirish bo'yicha e'tirozlar bo'layotgani sir emas. Bag'dodda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bu borada yangi imtiyoz va imkoniyatlar berayotgani bilan ahamiyatli. Bu, o'z navbatida, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “YOshlar daftari”da ro'yxatga olingan ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolarga o'zlari orzu qilgan uy-joylariga ega bo'lish imkoniyatini bermoqda. Xususan, 2 xonali 40 kvadrat metr o'lchamli xonadonning qiymati 140 million so'mni, 3 xonali 48 kvadrat metrlik xonadonning qiymati 168 million so'mni tashkil etmoqda. YA'ni bir kvadrat metr uyning bahosi 3,5 million so'mga tushmoqda.
Boshqacha izohlaganda, 2 xonali xonadon sotib olish istagini bildirgan fuqaro 15 foiz miqdorida 21 million so'm dastlabki to'lovning 14 million so'mini subsidiya tarzida olishi tufayli atigi 7 million so'm mablag' evaziga orzusidagi uy sohibiga aylanmokda.
— Uy-joy masalasida amaliy yordam so'rab juda ko'p idoralar eshigiga bosh suqdim. Hamma yordam berishini aytadi. Faqat yangi-uylarning boshlang'ich to'lovini to'lash imkoniyatiga ega emasdim, — deydi “Bog'ishamol” mahalla fuqarolar yig'inida yashayotgan Zamira Ismoilova. — To'g'ri, oz-moz yig'ib yurgan jamg'armamiz bor. 10 million so'm. Ammo bu uy-joylarning boshlang'ich to'lovi uchun etarli emas edi. Yangi shaharchadan uy- joy oluvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni va atigi etti million so'm to'lashimni eshitib, juda xursad bo'ldim. Shukur orzu qilgan uyga ega bo'ladigan bo'ldik.
Hozirgi kunga qadar “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig'inida 5 ta ko'p qavatli uylar bitkazilib, asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ajratildi. Uyning 1 kvadrat metri narxi 3,5 million so'm bo'lib, ikki xonali xonadonning qiymati 140 million so'm, uch xonali uy 168 million so'mni tashkil etmoqda. Aytaylik, ikki xonali uyning boshlang'ich to'lovi 21 million so'm. Uy oluvchiga 15 foiz miqdorida subsidiya (14 million so'm) berilishi natijasida u atigi 7 million so'm mablag' evaziga yangi uyga ko'chib o'tadi.
Ana shunday imtiyoz va rag'batlar Prezidentimiz tomonidan ipoteka kreditlari asosida uy-joy qurilishi tizimini takomillashtirish, tadbirkorlarga imtiyozlar berish va rag'batlantirish, aholining kam ta'minlangan qatlamlarini qo'llab-quvatlashga qaratilgan hujjatlar hayotda nechog'lik amaliy ifodasini topayotganini, ming-minglab oilalarga o'z uyiga ega bo'lishlari uchun sharoit yaratayotganligini yaqqol namoyon etadi.
Yangi uylar — yangi ish o'rinlari demak
Uy-joy bilan ta'minlangan aholini ish o'rni va daromad manbai bilan ta'minlash ham e'tiborga olingan. Ko'p qavatli uylar massiviga yondosh hududda 100 gektar er maydonida 10 sotixlik limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalarning barpo etilishi aholini uy- joy va kafolatli ish o'rinlari bilan ta'minlash imkoniyatini bermoqda. Ayni kunda 10 dan ortiq issiqxona qurilish jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Bugungi kungacha 85 ta issiqxona bitkazilib, hududda qurib bitkazilgan uylarga ko'chib kelgan oilalarga ajratib berildi.
Bundan tashqari, ko'p qavatli uylar yonida 14,3 gektar maydonda “Mustaqilliik” kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda bu erda 23 ta ishlab chiqaruvchi tashabbuskor tomonidan qurilish–montash ishlari olib borilmoqda. Ularning to'liq ishga tushirilishi natijasida 16,2 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari tayyorlanadi hamda 1000 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratiladi.
— Bizga yangi korxona qurilishi uchun ushbu kichik sanoat zonasidan yer maydoni ajratib berildi, — deydi “Abror” xususiy korxonasi rahbari Akmaljon Dehqonov. — Ayni kunda mebel` ishlab chiqarish tarmog'ini tashkil etish loyihasini boshladik. Unga umumiy qiymati 4,5 milliard so'm bo'lgan investitsiya jalb etamiz. Avstariyadan zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari olib kelyapmiz, natijada 75 ta ish o'rni yaratiladi.
Tahlilarga ko'ra, tumanda shu kunga qadar “mahallabay” tizimi olib borilgan o'rganishlar va yaratib bergan imkoniyatlardan foydalangan holda, birgina mart oyining o'zida 55 nafar oila “Temir daftar”dan, 607 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari” ro'yxatidan chiqarishga hamda “Yoshlar daftari” ro'yxatidagi 778 nafar yoshlar bandligini ta'minlashga erishildi.
Sirasini aytganda, “Muruvvat” MFYda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari tufayli bir-biridan ko'rkam ko'p qavatli binolar qad rostlayapti. Xalqimizga xos yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari Bag'dod tajribasi sifatida Yangi O'zbekiston solnomasida yangi bitiklar bitmoqda.
Rasuljon KAMOLOV,
Botir OMONOV
Elyor OLIMOV olgan suratlar.