Bundan bir yil burun ayni shu maqsadda respublikamizda “Bir million dasturchi” loyihasi joriy qilingan edi. Mazkur loyihani Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg'armasi, IT Park qoshidagi IT-akademiya, Toshkent shahridagi Inxa universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya tenologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktab bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
Dasturchilarni masofaviy o'qitish loyihasi ilk bor Birlashgan Arab Amirliklarida One Million Arab Coders nomi bilan yo'lga qo'yilgan. Davlatimiz rahbarining joriy yil mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida bir qator sohalar, jumladan, axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Ana shundan so'ng Birlashgan Arab Amirliklari hukumati mamlakatimizdagi shart-sharoit va imkoniyatlarini o'rganib chiqib, “One Million Uzbek Coders” deb nomlangan loyihani amalga joriy etdi.
Loyiha birinchi bosqichda jahon mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan to'rtta — ma'lumotlarni tahlil qilish, Android, FrontEnd va FullStack kabi yo'nalishlar bo'yicha dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaradigan mutaxassislar tayyorlashni o'z ichiga oladi. Ta'lim 120 soatga mo'ljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi va ularga maxsus sertifikat taqdim etiladi.
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchi grant olish imkoniga ega bo'ladi va Udacity platformasidagi 100dan ortiq Nanodegree dasturining birida o'qishni davom ettirishi mumkin. Buning uchun o'quvchi yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi va eng yuqori ball to'plaganlar ro'yxatiga kirishga muvaffaq bo'lishi kerak. Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqa ko'plab IT yirik kompaniyalari tomonidan tan olinadi.
Bugungi kunda o'zbek tilida loyiha doirasida 700 dan ortiq elektron o'quv materiallari jamlangan “uzbekcoders.uz” interaktiv portali ishga tushirilgan. Shuningdek, “Bir million dasturchi” loyihasi Ziyonet ta'lim portali, Uzmobile mobil aloqa operatori va Uzonline internet-provayderining bepul xizmatlariga kiritildi. Ziyonet jamoat axborot tarmog'ining asosiy maqsadi ta'lim oluvchilar uchun keng ko'lamli axborot-kommunikatsiya xizmatlarini joriy etishdan iborat. Ziyonet tarmog'i yoshlar, murabbiylar, shuningdek barcha portal foydalanuvchilari uchun axborot texnologiyalari sohasida ma'lumotlar berish, o'zaro muloqot qilish va tajriba almashish uchun imkoniyat yaratib berish vazifasini ham o'z zimmasiga olgan. Buning ahamiyati, ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va ularni aholi kundalik hayotiga keng joriy etish muhim vazifa hisoblangan bugungi kunda beqiyos. IT Park “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida mamlakat aholisining axborot kommunikatsiya texnologiyalariga bo'lgan qiziqishini oshirish maqsadida faol ishtirokchilar uchun tanlov tashkil qildi.
Tanlovning asosiy shartlari — tashabbus ko'rsatish, boshqa ishtirokchilarni ruhlantirish, ularga platformadan foydalanishga yordam berish va loyihaning Telegram-guruhlar va ijtimoiy tarmoqlardagi o'quv materiallarini o'zlashtirishdan iborat. Bundan tashqari loyiha ishtirokchilari savodxonligini oshirish maqsadida tanlovda ular o'z muvaffaqiyatlari, yangi texnologiyalar hamda aytiga oid maqola va tarjimalari bilan ham ishtirok etishlari mumkin.
— Ishtirokchilar tashabbusi onlayn o'zanlaridagi faolligi, qiyosiy raqamli ko'rsatkichi, xabarlar sifati, maqolalar nashri, noyoblilik, loyihaning maqsadga muvofiqligi, natijasi, dolzarbligi, grammatikasi va tuzilishi kabi mezonlarga muvofiq baholanadi. — dedi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direktsiyasi rahbari Farhod Ibrohimov. — Maqolalar o'zbek tilida tayyorlanadi. Maktab o'quvchilari uchun ham bitta nominatsiya tashkil etildi. Unda eng yaxshi uchta o'quvchi-ishtirokchi 500 AQSH dollariga ega bo'ldi.
Axborot-kommunikatsiya ta'lim muhitini yaratish, uni xalqaro andozalarga to'liq moslashtirish yoshlarimizni bugungi tezkor ijtimoiy hayotga tayyorlashning muhim omilidir. Joriy yilning 28 aprelida qabul qilingan “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori ayni shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosi bo'yicha Prezidentimiz raisligida shu yilning 8 iyun` kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda zamonaviy dasturchilar tayyorlashni yanada jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Ayni paytda yoshlarimiz AKT sohasiga katta qiziqish bilan qarayotgani, ayniqsa, “Bir million dasturchi” loyihasi aholining keng qatlamini qamrab olayotgani quvonarlidir. Loyihada bir oiladan ikki, uch, hatto to'rt nafar kishi qatnashmoqda. Masalan, Jasur va Gulnoza Xolovalar nafaqat o'zlari, balki to'rt nafar farzandi bilan tahsil olishgani fikrimiz dalilidir.
39 yoshli Jasur Xolov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining axborot texnologiyalari yo'nalishi bitiruvchisi, iqtisodiyotning turli sohalarida ko'p yillik tajribaga ega. Uning turmush o'rtog'i Gulnoza Xolova Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bitiruvchisi, mental arifmetika bo'yicha xalqaro darajadagi murabbiy. Hozirda u maktabda o'quvchilarga matematika, informatika va AKTga ixtisoslashtirilgan fanlardan saboq bermoqda.
Xolovlar oilasi ko'plarga namuna bo'layotgani, farzandlarini axborot texnologiyalari sohasida, kishilar hayotini yaxshilash va jamiyat taraqqiyotiga yordam beradigan innovatsion loyihalarni yaratadigan etuk mutaxassis bo'lib etishishishga ruhlantirayotganini alohida ta'kidlash lozim.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan besh tashabbusning uchinchisida raqamli texnologiyalarni bepul o'qitish markazlarini ochish, aholining komp`yuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlar salohiyatidan to'g'ri foydalanish, ularga dasturiy mahsulotlar yaratishda ko'maklashish kabi chora-tadbirlar o'rin olgan. Zero, AKT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish, ularning salohiyati yuksalishga imkoniyat yaratish — bugungi kunning muhim talabi va vazifasi sanaladi.
Risolat MADIEVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri