Yigʻilishda davlatimiz rahbari yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlashda muammolarini hal etish muhimligini taʼkidladi, bu borada alohida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan yoʻnalishlarni, jumladan maktab bitiruvchilarini oʻqish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shu tariqa maktabdanoq dolzarb va yuqori talab boʻlgan kasblarga oʻqitish tizimi joriy etilishi masalasi koʻtarildi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf boshlab oʻquvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor boʻladigan bilim va koʻnikmalarni egallaydi. 10-sinfdan esa robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi.
Yigʻilishda koʻtarilgan yana bir muhim masalalaridan biri — mehnat bozoridagi bugungi talab va ehtiyojlarini, yoshlarning ularga tayyorligini oʻrganish. Bu borada Prezidentimiz iqtisodiyot tarmoqlarini malakali kadrlar bilan taʼminlash masalasiga alohida urgʻu berdi.
Taʼkidlash kerakki, IT-mutaxassislarni tayyorlash maqsadida bugungi kunda respublikada maxsus onlayn portal orqali (uzbekcoders.uz) aholining keng qatlamlarini dolzarb IT-mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha masofaviy bepul oʻqitishga yoʻnaltirilgan “Bir million dasturchi” yirik loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihaga yoshlarni keng jalb qilish maqsadida Prezidentimiz tomonidan joriy yil 8-iyun kuni boʻlib oʻtgan uchrashuvida joriy yil yakuniga qadar 100 mingta va 2021-yilning birinchi yarmida yana 150 mingta oʻquvchini oʻqitish vazifasi belgilandi. 5-sinfdan oʻqitib kelinayotgan “Informatika” faniga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yoʻnalishlarini kiritish boʻyicha koʻrsatmalar berilgandi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan koʻtarilgan masalalar iqtisodiyot tarmoqlari, xususan AKT sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash vazifasining oʻta dolzarb va muhim boʻlganligini yana-da yaqqol namoyon etdi.