Ayni paytda butun ishqibozlari diqqat-eʼtibori Tokioda boʻlib oʻtayotgan Olimpiya bahslarida ekan, sportchilarimiz qoʻlga kiritajak har bitta medal oʻzbek xalqining ulkan yutugʻi sifatida tarixga muhrlanadi.
Dzyudo sport turi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Davlat Bobonov bronza medali uchun imkoniyati saqlanib qolish uchun Ispaniya sharafini himoya qilayotgan Nikolas Sherazadishvili bilan kurashga tushdi. Aynan shu sportchi Jahon chempionatida uni magʻlubiyatga uchratgandi. Ammo bu gal butun mahorati va tajribasini ishga solib, jahon chempionini magʻlub etdi. Oldinda esa bundan ham hayajonli va masʼuliyatli kurash turardi.
2020-yilda Oʻzbekistonning eng yaxshi sportchisi nomiga sazovor boʻlgan dzyudochimiz 90 kg. vazn toifasida turkiyalik Mixael Zgankka qarshi tatamiga chiqdi. Yurtdoshimiz qisqa vaqt ichida chiroyli usul qoʻllab, raqibini magʻlub etdi. Shu tariqa Oʻzbekiston sportchilarining “Tokio-2020” Olimpiya oʻyinlaridagi ikkinchi, dzyudo bellashuvlaridagi dastlabki medaliga sazovor boʻldi.
— Ayni paytda qalbimda kechayotgan hayajonni tasvirlab berolmayman, — deydi D.Bobonov. — Ushbu gʻalabam avvalo, biz, sportchilarni qoʻllab-quvvatlab turgan Prezidentimiz eʼtibori, qolaversa, xalqimiz, murabbiylarimiz tufayli qoʻlga kiritildi. Xudo xohlasa, 2024-yilda bu medalni oltinga aylantirishga harakat qilaman.
Aytish joizki, Davlat Bobonov qoʻlga kiritgan medal Oʻzbekiston dzyudo jamoasining olimpiada tarixidagi yettinchisi boʻldi. Bungacha terma jamoamiz vakillari 4 ta olimpiadada yurtimizga 2 ta kumush va 4 ta bronza medallarini taqdim etishgan.
— Farzandimning gʻalabasidan onasi ikkimiz hamon hayajondamiz. Men bugun 15 yillik orzu-umidlarimning roʻyobini koʻrdim, — deydi sportchining otasi Husniddin Bobonov. —Uning Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Ramziddin Saidov, Diyorbek Oʻrozboyevlarga oʻxshashini juda-juda xohlardim. Xayriyat, oʻgʻlim yurtimiz bayrogʻini jahon maydonlarida koʻtardi. Armonim yoʻq. Fursatdan foydalanib, oʻgʻlimning shunday gʻalabaga erishuvida qoʻllab-quvvatlagan Prezidentimizga, Olimpiya qoʻmitasi, Sport vazirligi, Sport yakkakurashlari boʻyicha respublika oliy sport mahorat maktabi hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mutaxassislariga minnatdorlik bildiraman.
Sportchimiz olti yoshida amakisi Shaxobiddin Bobonov tarbiyasida boʻlgan. 2010-yildan 2016-yilgacha Samarqand Olimpiya zaxiralari sport kollejida tahsil olish mobaynida
murabbiyi Nurali Qobulovdan dzyudo sirlarini chuqur oʻrgandi. 2012-yildan buyon dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi aʼzosi. 2020-yilda Samarqand davlat Universiteti Jismoniy tarbiya fakultetini tamomladi. 2020-yildan buyon esa, Mudofaa vazirligining markaziy harbiy sport klubi aʼzosi.
—Gʻolib sportchilarimiz, avvalo, oʻzlarining salohiyati, qolaversa, murabbiylari mehnatini oʻziga xos tarzda koʻrsata olgani bilan faxrlanamiz. Ulugʻbek Rashidov, Davlat Bobonovni oʻziga xos tarzda kutib olishga munosib hozirlik koʻryapmiz, — deydi Sport yakkakurashlari boʻyicha respublika oliy sport mahorat maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov. Qolgan sportchilarimiz ham zafar quchib, medallarimiz salmogʻini oshirishiga ishonamiz.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri