Davlat byudjetiga 31,9 milliard soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari undirildi

    Markaziy bojxona laboratoriyasi va joylardagi tovarlarni klassifikatsiyalash guruhlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 2681 ta bojxona ekspertizalari oʻtkazildi.

    Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga oshdi.

    Natijada, 1056 ta holatda tovarlarning TIF TN kodini qoʻllashdagi xatoliklar aniqlandi va 31,9 mlrd soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davrida 28,5 mlrd. soʻmni tashkil qilib, joriy yilda 12 foizga oshgan.

    TIF TN kodi notoʻgʻri qoʻllangan tovarlarning asosiy qismini tekstil mahsulotlari hamda polimer tabiatli tovarlar tashkil qilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 25-noyabrda Davlat bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomiga ega boʻldi. Laboratoriya joriy yilda Jahon bojxona tashkilotining tovarlarning TIF TN boʻyicha tasniflanishi yuzasidan maʼlumotlar bazasiga ulandi.

    Mazkur baza hamda davlat bojxona xizmati organlarining axborot tizimlaridagi maʼlumotlarning oʻzaro tahlillari natijasida 823,8 mln. soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.

    Mazkur qoʻshimcha undirilgan bojxona toʻlovlari ikki komponetlik kley tovarlari, qoplamali metal quvur (truba) va listlarga toʻgʻri keladi.

    Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tovar kodlarini toʻgʻri qoʻllash maqsadida bojxona organlariga murojaat qilib, ular tomonidan tovarlarning TIF TN kod bilan tasniflanishi boʻyicha qabul qilingan dastlabki qarordan foydalanishlari mumkin.

    Bunda TIF qatnashchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelishi rejalashtirilayotgan tovarlar, bojxona rejimida saqlanayotgan tovarlar boʻyicha ularga tegishli maʼlumotlar yoki tovar namunalari taqdim etilib, bojxona organlariga murojaat etilganda tovarlar tasniflanishi boʻyicha mutaxassislar tomonidan dastlabki qarorlar qabul qilinadi.

    Tovarlarning TIF TN boʻyicha qabul qilingan dastlabki qarorlar bojxona rasmiylashtiruvi davrida tovarlarning notoʻgʻri tasniflanishi natijasida bojxona toʻlovlarining notoʻgʻri hisoblanishini hamda TIF qatnashchilarining ortiqcha sarsongarchiliklarini oldini oladi.

    Joriy yilning 4 oyi davomida yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish maqsadida 1204 ta tovarlarning TIF TN boʻyicha tasniflanishi yuzasidan dastlabki qarorlar qabul qilinib, bojxona organlari tomonidan TIF qatnashchilariga doimiy amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda.