Yigʻilishni fraksiya rahbari Aktam Haitov kirish soʻzi bilan ochib, oxirgi yillarda bu sohani rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor sababli el-yurtimiz oʻrtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat oʻzgarganini, jamiyatda ularning obroʻsi va mavqei kun sayin tobora ortib borayotganini bildirdi.
– Ochiq muloqotda tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, subsidiyalar olish jarayonini osonlashtirish boʻyicha ham koʻplab koʻrsatmalar berildi, — dedi A.Haitov. — Oʻzbekiston tarixida tadbirkorlar uchun bunday katta imkoniyatlar va yengilliklar boʻlmagan, ular bu darajada qoʻllab-quvvatlanmagan. Boshqa masalalarda ham yaqin istiqbolda xususiy sektor vakillariga yengilliklar, imtiyozlar berilishi tadbirkorlarga yuqori kayfiyat bagʻishladi.
Yigʻilishda tadbirkorlar muammolarini hal etish borasida belgilab berilgan vazifalar, ular ijrosini taʼminlashda OʻzLiDeP oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek fraksiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2021-yil birinchi yarim yillik ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdilar.
Deputatlar hisobotdagi mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Davlat byudjetining olti oylik ijrosini atroflicha oʻrganish va tahlil qilish asosida ushbu davrning murakkabliklari, qiyinchiliklarga qaramay barcha sohalarda izchil olib borilayotgan islohotlar va oʻz vaqtida koʻrilgan tizimli chora-tadbirlar tufayli davlat byudjeti ijrosida namoyon boʻlgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti hamda Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablagʻlarning maqsadli foydalanishi yuzasidan oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlarida moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyish, byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar kabi tizimli tarzda qonunbuzilish holatlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan keskin oshganligi tanqid qilinib, bu borada vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari jiddiy va keskin chora-tadbir koʻrishi lozimligi qayd etildi.
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari hisobot davrida erishilgan ijobiy ishlarni eʼtirof etgan holda, partiya saylovoldi platformasidan kelib chiqib, davlat byudjeti ijrosiga oid hisobotlarni har bir vazirlik va idoralar xarajatlari sarfini ularga qoʻyilgan vazifalar ijrosi bilan bogʻlagan holda koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2021-yil birinchi yarim yillik ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisoboti maʼqullandi.