— Xabaringiz bor, kuni kecha Prezident boshchiligida 2021-yilgi Davlat dasturi ijrosini tashkil etishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev viloyat, shahar-tumanlar hokimlariga juda katta vazifalar belgilab berdi. Xususan, har bir ishni “mahallabay” tashkil etish, fuqarolarning roziligi uchun ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha bir qator, jumladan, Namangan viloyatida 200 ming nafar yoshlarimizni yer bilan, Mehribonlik uylarini bitirgan 44 nafar yigit-qizlarni esa uy bilan taʼminlash, qolaversa, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Biz tuman, shahar hokimliklari bilan birgalikda ogʻir mahallalarni ajratib oldik. 2021-yil Davlat dasturidan kelib chiqib, oʻsha mahallalardagi ichimlik suvi tushirish, yoʻllarni shagʻallash va asfaltlash kabi masalalarni yechish chora-tadbirlari koʻriladi. “Mahallabay” ishlash tizimida har bir mahallaning pasportini yaratish, texnik iqtisodiy asosini ishlab chiqish, yaʼni hudud aholisining yoshlari va ayollari, ishsizlari sonini aniqlab, ularni mehnat bilan band qilish mumkin boʻlgan “oʻsish nuqtasi”ni tanlab olish muhimligini alohida taʼkidlash oʻrinli.
Albatta, joriy yil Davlat dasturi va kechagi majlisda qayd etilgan rejalar yuzasidan viloyat, tuman, shaharlarimiz miqyosida oʻz dasturlarimizni tasdiqlab olamiz. Monitoring guruhlari shtablari tuzilib, mazkur Dasturning ijrosini soʻzsiz bajarish maqsadida faoliyat yuritadi. Buning uchun Prezidentimiz barcha moliyaviy manbalarni ham koʻrsatib oʻtdi.