Tadbir davomida Davlat dasturining 120 va 149-bandlari ijrosi bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi, Adliya, Axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalarini rivojlantirish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Kadastr agentligi mas'ul rahbarlari bajarilgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikka axborot berdi. Axborot berish uchun taklif etilgan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari tadbirda ishtirok etmadi.
Davlat dasturining 120-bandiga muvofiq qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari bo‘yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, yerlarni bozor aktivlariga aylantirish hamda yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasini 2021-yil 20-martga qadar ishlab chiqish belgilangan. Loyihada qishloq xo‘jaligi yerlarini to‘liq kadastr xatlovidan o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishning bozor mexanizmlariga asoslangan shaffof tizimini joriy etish; yerning to‘laqonli subijara bozorini shakllantirish, yerga bo‘lgan ijara huquqini sotish va sotib olishni elektron tizimda, onlayn platformada amalga oshirish; ekin yerlaridan foydalanish tizimini raqamlashtirish, barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining elektron xaritalarini yaratish nazarda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili ma’lum qilishicha, ushbu band bo‘yicha «er uchastkalarini ajratishda shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqni ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni hamda «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Jumladan, Farmon loyihasida yirik investitsiya loyihalari uchun imtiyozlar belgilanmoqda, mahalliy aholi uchun yerlarni berish auksion tizimda amalga oshirish, 50 foizgacha bo‘lgan yer maydonlarini avval mahalliy aholining o‘ziga sotish imkoniyatini berish nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, respublikamizda yerlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari 2021-yil oxiriga qadar yakunlanishi lozim. Bu vakolat Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi zimmasiga yuklatilgan.
— Qishloq xo‘jaligi yerlarini to‘liq davlat kadastr xatlovidan o‘tkazish ishlari Qashqadaryo viloyatida boshlangan. Hozirda Toshkent, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida davom ettirilmoqda, — deydi Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Allaberganov. — Bunda nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki viloyatning barcha – 2,8 million gektar yer maydoni xatlovdan o‘tkazildi. Inolla dasturi orqali yerlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari ham olib borilyapti. Shuningdek, yil yakunigacha O‘zbekistonning butun hududi, ya’ni 44,8 million gektar yer maydonining elektron xaritasi yaratiladi.
Davlat dasturining 149-bandiga ko‘ra, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan ehtiyojmand oilalarga 0,1 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ajratish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan hisobot berildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu band ijrosi yuzasidan «Qishloq xo‘jaligida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi ishlab chiqilgan va 7-aprelda Hukumatga qiritilgan. Bunda fermerlar ixtiyoridagi yerlar yoshlarga ajratib berilayotgani munosabati bilan yer va suv solig‘ini soliq bazasidan chiqarish, 233,6 ming gektar yer maydonlarini yoshlarga ajratib berish nazarda tutilgan. Bugungacha 60,2 gektar yer maydoni fermer xo‘jaligi va klaster yerlaridan 200 mingga yaqin yoshlarga ajratib berildi.
Yerlar ehtiyojmand oilalarga qanday mezonlar va shartlar bo‘yicha ajratilishi rejalashtirilgan? Kimga 10 sotixu, kimlarga 1 gektar ajratiladi? Tuman hokimliklarida tegishli tashkilotlar bo‘linmalaridan iborat komissiya tuzilgan. Komissiya aholi qatlamidan kelib chiqib, yer berilayotgan yoshlarning oila a’zolari sonini hisobga olib, 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan yerlarni ajratib beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil Davlat dasturi jami 273 banddan iborat bo‘lib, shu kunga qadar 42 ta band ijrosi yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan va ijroga qaratilgan. Bu borada batafsil ma’lumot «Jamoatchilik.uz» platformasiga joylashtirilgan bo‘lib, unda Dastur ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyati yaratilgan, deb xabar beradi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.