Davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi

    Mamlakatimizda 29 Aprel 2022 1099

    Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

    Joriy yilning I choragida davlat va jamiyat hayotining muhim yoʻnalishlari boʻyicha 59 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

    Koʻrilgan choralar natijasida iqtisodiyotda bir qator ijobiy natijalarga erishilgan.

    Jumladan, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot 105,8 foizga oʻsishi taʼminlangan. Savdo aylanmasi hajmi 59,1 trillion soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 110,8 foizni tashkil etgan. 2 milliard 448 million dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, mazkur prognoz koʻrsatkichi 167 foizga bajarilgan. Respublika eksporti (maxsus eksportsiz) 2,7 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oʻsgan.

    Mahalla institutini rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Xususan, 695 ta mahalla kompleksi qurilgan, 16 ta mahalla binosi rekonstruksiya qilingan, 55 tasi joriy taʼmirlangan, 205 ta mahalla binosida qurilish-taʼmirlash ishlari davom etmoqda.

    Shuningdek, mahallalar osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida 6 822 ta “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga 14 957 nafar yoshlar jalb etilgan.

    Ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator choralar koʻrilgan.

    Jumladan, ochiq elektron tanlovlarda 55,9 ming gektar yer maydonlari 256 ming nafar gʻolibga ajratib berilgan. Shundan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan 81 mingdan ortiq oilaga

    13,8 ming gektar, xorijdan qaytib kelgan 15 ming nafardan ortiq fuqarolarga 2,5 ming gektar yer uchastkalari ajratib berilgan.

    Uy-joyini taʼmirlashga muhtoj 2,1 mingta nogironligi boʻlgan shaxslar oilalarining 1,7 mingtasining (80,1 foizi) uy-joyi taʼmirlab berilgan. Noturar joylarda istiqomat qilayotgan 847 ta oilaning 268 tasiga (32 foizi) uy-joy ajratilgan hamda 456 tasiga (54 foizi) turar joy ijara toʻlovi toʻlab kelinyapti.

    Majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi taʼkidlandi.

    Xususan, Dasturning bir qator bandlari ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihalarining qabul qilish jarayoni kechikyapti. Bu esa iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tibbiyotni rivojlantirish kabi muhim sohalarda tegishli oʻzgarishlarni amalga oshirishni ortga suryapti.

    Shuningdek, Davlat dasturi ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratdi.

    Muhokamalar soʻnggida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.