Shavkat Mirziyoyev:
— Biz misli koʻrilmagan mablagʻni iqtisodiyotga kiritdik. Ammo korxonalarning kredit qoplamaslik holati va oilaviy tadbirkorlik dasturlari boʻyicha muammoli kreditlar koʻpayyapti.
Bosh vazir oʻrinbosarlari viloyat hokimlari bilan birga 2 hafta muddatda oʻz kompleksiga kiruvchi korxonalarning muammoli qarzdorligini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ikkinchi chorak yakuniga qadar ularning kamida 25 foizini, yil yakuniga qadar esa 100 foiz qaytarishni taʼminlash boʻyicha hududlar va tarmoqlar kesimida jadval asosida ish olib borsin.
3 yilda hududiy dasturlar doirasida 16 trillion soʻmlik kredit hisobiga amalga oshirilgan 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trillion soʻmlik 2,6 mingta loyiha boʻyicha esa 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqarida aylanayotgani qayd etildi.
Demak, bu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, “koʻzboʻyamachilik” uchun amalga oshirilyapti, korxonalar soliq toʻlamasdan ishlayapti degani emasmi? Agar bu pul bankka qaytsa, qancha imkoniyat koʻpayadi, dedi davlat rahbari.
Prezident davlat dasturlari doirasida olinayotgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatish va aybdorlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish yuzasidan har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borish boʻyicha Bosh prokuratura departamenti, Hisob Palatasiga topshiriq berdi.