Qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar rasmiylashtirilib, qum-shagʻal qazishga jalb etilgan texnikalar vaqtincha maxsus joyga joylashtirildi. Lekin ekoinspektorlar huzurida “X” ismli shaxs paydo boʻlib, mazkur “biznes” unga tegishli ekani hamda shu ishni imi-jimida yopishni soʻraydi. Buning uchun 4 000 AQSH dollari miqdorida pora taklif qiladi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi xodimlari bu taklifni keskin rad etadi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi. “X” esa ularga yana boshqa yoʻllar bilan taʼsir oʻtkazishga harakat qiladi. Natijada “X” ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektoriga pora berishga urinayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura departamenti xodimlari tomonidan voqea joyida qoʻlga olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati