Nizomga koʻra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (vakolatli organ) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili:
- 15-fevralgacha davlat boshqaruvidagi samarasiz hamda eksklyuziv funksiyalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazadi;
- 20-martgacha aniqlangan samarasiz davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish imkoniyatini tahlil qiladi;
- 20-maygacha xususiy sektorga oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlgan davlat funksiyalarining iqtisodiy samaradorligini tahlil qiladi va xususiy sektorga oʻtkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalarining yakuniy roʻyxatini shakllantiradi;
- 1-iyulgacha jamoatchilik muhokamasini oʻtkazib, davlat funksiyalariga oʻxshash boʻlgan faoliyat tajribasiga ega xususiy sektor subyektlarining dastlabki roʻyxatini shakllantiradi;
- 1-avgustgacha xususiy sektorga oʻtkazish tavsiya etilgan davlat funksiyalari roʻyxatini tuzadi va tegishli xulosalar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- 1-oktyabrgacha Hukumat tomonidan maʼqullangan davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi.
Shunga koʻra, Davlat funksiyalarining yagona reyestrini shakllantirish va yuritib borishga qaratilgan elektron maydoncha yaratiladi.
Davlat funksiyalari autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish hamda boshqa mexanizmlarni qoʻllagan holda xususiy sektorga oʻtkaziladi.