Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga yoʻl qoʻyganligi toʻgʻrisidagi xabarlar eʼlon qilinmoqda.
Jumladan, mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslari tomonidan ayrim tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlgan avtotransport vositalaridan oʻz xizmat vazifasini bajarishda foydalanib kelinayotganligi keng jamoatchilikning keskin eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holatlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.
“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari belgilab berilgan boʻlib:
- manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, begʻaraz va xolis boʻlishi;
- davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan harakatlardan (harakatsizlikdan), shu jumladan oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda boʻlishdan tiyilishi;
- oʻz xizmat mavqeyidan shaxsiy va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek oʻz xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyati hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur Qonunning 19-moddasiga asosan, manfaatlar toʻqnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyat hisoblanadi.
Mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tegishli avtotransport vositalaridan foydalanishi yuqorida qayd etilgan normalarga zid boʻlib, manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini keltirib chiqarmoqda.
Bu esa, oʻz navbatida, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni yuzaga kelishiga, keng jamoatchilikning mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, umuman hokimiyat organlarining faoliyatiga salbiy munosabatni shakllanishiga sabab boʻlmoqda.
Shu munosabat bilan, Agentlik tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar hokimliklari, shu jumladan, tuman va shahar hokimliklari tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan tartib va muddatlarda eʼlon qilib borish, barcha tuman (shahar) hokimliklarida oʻrganish oʻtkazish, xususan, hokimliklar balansidagi avtotransport vositalarini inventarizatsiyadan oʻtkazish yuzasidan soʻrov yuborildi.
Bundan tashqari, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga tegishli avtotransport vositalaridan oʻz xizmat vazifasini bajarishda foydalanib kelayotgan barcha tuman (shahar) hokimliklari mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralarni koʻrish nazoratga olindi.