Tegishli soha vakillari, parlament quyi palatasi deputatlari, olimlar va ekspertlar ishtirok etgan yigʻilishda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilinib, loyihani yanada takomillashtirish, maromiga yetkazish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha koʻplab taklif va tavsiyalar berildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining maqsadi davlat organlari faoliyatida davlat fuqarolik xizmatining davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Loyihada davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni oʻtash va tugatishning yagona qoidalarini joriy etish koʻzda tutilgan.
Muhokamalar jarayonida kelib tushgan takliflar asosida qonundagi asosiy tushunchalar, davlat fuqarolik xizmati sohasini tartibga solinishi, maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari, davlat fuqarolik xizmatini oʻtash boʻyicha cheklovlar bilan bogʻliq normalarni takomillashtirish ustida ish olib borildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan davlat fuqarolik xizmati tizimida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari, davlat fuqarolik xizmatchisining korrupsiyaga toqatsiz munosabati, faoliyati samaradorligini baholash, odob-axloq qoidalari, davlat fuqarolik xizmatida sovgʻa bilan muomala qilish shartlari toʻgʻrisidagi moddalar xalqaro tajriba va milliy qonunchilik asosida qayta koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda ishchi guruhga ekspertlar, olimlar tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar asosida qonun loyihasini maromiga yetkazish topshirildi.
Ayni vaqtda ishchi guruh tomonidan qonun loyihasini maromiga yetkazish ustida ish olib borilmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.