Qonun bilan debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini oʻtkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablagʻlar boʻlgan holda toʻlovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzganlik, shu bilan birga, shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mulkiy zarar yetkazish kabi huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlik bekor boʻladi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlariga nodavlat sud-ekspertlarining surishtiruv, dastlabki tergov va sud ish yurituvidagi ishtiroki hamda ular vakolatini nazarda tutuvchi yangi normalar kiritiladi.

Ushbu Qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ochiqlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.

Xususan, Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtiriladigan, ijtimoiy ahamiyatga molik boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlarni eʼlon qilmaganlik yoki toʻliq eʼlon qilmaganlik, eʼlon qilish muddatlariga va tartibiga rioya etmaganlik yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatganlik uchun mansabdor shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, agar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarimaga tortilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, advokat kasbiy faoliyatini amalga oshirish chogʻida yana bir qancha huquqlarga ega boʻlmoqda. Jumladan, iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda sudga qadar tayyorgarlik chogʻida hamda sud jarayonida ishonch bildiruvchi shaxsning roziligi bilan davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ekspertiza oʻtkazilishini soʻrash, shuningdek, ekspertiza xulosasi ish materiallariga qoʻshib qoʻyilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ekspert sifatida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining eksperti ham ishtirok etishi mumkinligi nazarda tutiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.