Davlat idoralari faoliyati ochiqligi boʻyicha ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari forumi oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 18 May 2023 1418

    Joriy yil 17-mayda Buxoro shahrida ilk bor Davlat idoralari faoliyati ochiqligi boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Markaziy Osiyo davlatlarining davlat idoralari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga masʼul tashkilotlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlar vakillari, xalqaro ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

    Forum jamiyat va davlat hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala – davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida ilgʻor tajribalarni oʻrganish, mavjud muammolarni tahlil etish va bu jarayonda hal qiluvchi muhim qarorlarni qabul qilish uchun samarali muloqot maydoni vazifasini oʻtadi.

    Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva forum ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida jahonning barcha davlatlari uchun birdek dolzarb boʻlgan muammo – korrupsiya illatiga qarshi kurashishda har qanday hukumat va jamiyatda undan batamom qutulishga chinakam xohish va intilish boʻlsagina va eng muhimi, bu borada oʻz xalqi uchun ochiq boʻlsagina, jiddiy natijalarga erishishi mumkinligini taʼkidlab oʻtdi.

    — Mana shu omillarni hisobga olgan holda korrupsiyaga qatʼiy murosasiz davlat siyosati natijasida soʻnggi 5-6 yilda ushbu illatning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan kompleks tashkiliy va huquqiy choralar koʻrilyapti. Qator normativ-huquqiy hujjatlar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturi qabul qilindi. Senat tomonidan maʼqullangan Jinoyat kodeksidagi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni belgilovchi qonunni aynan mana shu vazifalar ijrosiga qaratilgan jiddiy qadam sifatida keltirishimiz mumkin. Albatta, bunday muhim hujjatlarni amaliyotga samarali tatbiq etish jarayoni parlament oldiga masʼuliyatli vazifalarni qoʻyadi — deya, taʼkidladi Senat Raisi.

    Forum davomida, shuningdek, Fransiya, Germaniya, Sloveniya hamda Argentina kabi davlatlardan xalqaro ekspertlar ham davlat organlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlash sohasidagi tajriba va ilgʻor amaliyotlari bilan oʻrtoqlashadi.

    Forumda Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari F.Boqiyev Oʻzbekistonda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

    Jumladan, mamlakatimizda matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, axborot sohasini isloh qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

    Bugungi kunda respublikada 2 mingdan ortiq OAV faoliyat yurityapti, milliy axborot makonida Internet nashrlarining soni soʻnggi 6 yilda salkam ikki barobarga koʻpaydi. Barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida “Ochiq maʼlumotlar” sahifasi tashkil etilib, 35 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega maʼlumotlarni muntazam ravishda eʼlon qilib borish amaliyoti joriy etilgan.

    Shu bilan birga, davlat xizmatida korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar berish, bunday maʼlumotlarni oshkor etish mexanizmlarini yaratish, bu borada ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash choralari koʻrib kelinyapti.

    Tadbir soʻngida ishtirokchi davlatlar tomonidan izchil hamkorlikni mustahkamlash, ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlarni yanada tizimli davom ettirish maqsadida qator tavsiya va takliflar ilgari surilib, sohadagi faoliyatni ular asosida tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.