Anjumanda Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan 5,4 mingta kasallik varaqasi boʻyicha 62,5 milliard soʻm miqdorida nafaqalar tayinlangani maʼlum qilindi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar inson manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Ijtimoiy sohadagi mazkur islohotlarning eng muhim yoʻnalishlaridan biri — davlat ijtimoiy sugʻurta tizimining joriy etilishi hisoblanadi.
Yaqinda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Prezident Farmoniga muvofiq, 2026-yildan boshlab davlat ijtimoiy sugʻurtasi yangi tizimi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ushbu Qonun va Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Aholiga davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab homiladorlik va tugʻish nafaqalari, joriy yilning iyul oyidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari davlat ijtimoiy sugʻurtasi orqali toʻlanishi yoʻlga qoʻyildi.
Bu islohot aholining keng qatlamlarini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirib, kambagʻallikning oldini olish va ijtimoiy adolatni taʼminlashga xizmat qiladi. Ilgari ushbu nafaqalar asosan ish beruvchilar zimmasida boʻlgani uchun xususiy sektorda ishlovchi koʻplab xodimlar, ayniqsa ayollar, toʻliq kafolatlardan foydalana olmas edi. Yangi tizim esa bu tengsizlikka barham beradi.
Shuningdek, davlat ijtimoiy sugʻurta tizimi har bir rasmiy ishlovchi fuqaroga kasallik yoki homiladorlik davrida daromadini saqlab qolish imkonini beradi. Bu nafaqat moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, balki kambagʻallikning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmdir.
Yangi tizimning yana bir muhim jihati — ijtimoiy toʻlovlar bilan bogʻliq moliyaviy yukning ish beruvchilar zimmasidan olib tashlanishidir. Bu tadbirkorlarga oʻz resurslarini ish oʻrinlari yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirish va biznesni rivojlantirishga yoʻnaltirish imkonini beradi. Ilgari nafaqalarni toʻlash majburiyati ish beruvchilarda boʻlgani sababli mahsulot yoki xizmat tannarxiga salbiy taʼsir koʻrsatib, bozordagi raqobatbardoshlikni pasaytirgan. Ayrim hollarda esa xarajatlarni qisqartirish maqsadida homilador ayollarni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan boʻshatish holatlari kuzatilgan. Yangi tizim bu kabi salbiy amaliyotlarning oldini oladi.
Davlat ijtimoiy sugʻurta tizimi rasmiy bandlikni ragʻbatlantiradi. Nafaqalar fuqarolarning sugʻurta stajiga bogʻliq ravishda tayinlanadi: qanchalik uzoq muddat rasmiy ishlab, sugʻurta tizimida ishtirok etilsa, ijtimoiy himoya ham shunchalik mustahkam boʻladi.
2026-yilda yangi tizim joriy etilishi natijasida:
- byudjet tashkilotlarida ishlovchi qariyb 2,2 million nafar;
- xususiy sektorda band boʻlgan 3,6 milliondan ortiq fuqaro;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan va norasmiy sektorda faoliyat yurituvchi 7 million nafardan ortiq fuqaro davlat ijtimoiy sugʻurta tizimi bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026-yilda 165 ming nafarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi, 1-iyuldan boshlab esa 500 ming nafarga yaqin vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari fuqarolarning murojaatisiz proaktiv shaklda toʻlab beriladi.
Yangi tizimning eng zamonaviy jihatlaridan biri — uning toʻliq raqamlashtirilganidir. Nafaqalar elektron tarzda, fuqarolardan qoʻshimcha hujjat yoki murojaat talab etilmay, avtomatik ravishda tayinlanadi. Bu byurokratik toʻsiqlarni qisqartirib, shaffoflikni oshirish va inson omilini minimallashtirishga xizmat qiladi.
Amaliyot natijalariga koʻra, 2026-yil 1–15-yanvar kunlari homiladorlik va tugʻish nafaqasi boʻyicha 8,9 mingta kasallik varaqasi kelib tushgan. Shundan 5,4 mingtasi (60%) boʻyicha 62,5 milliard soʻm miqdorida nafaqalar tayinlangan. Qolgan 3,5 mingta mehnatga layoqatsizlik varaqalaridan 1,3 mingtasi (15%) fuqarolar rasmiy band boʻlmagani yoki sugʻurta staji yetarli emasligi sababli rad etilgan. 2,2 mingta (25%) varaqa boʻyicha tekshirish ishlari davom etmoqda. Nafaqa tayinlanganligi yoki rad etilganligi haqida SMS-xabarnoma orqali maʼlumot beriladi.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi — bu nafaqat toʻlovlar mexanizmi, balki inson qadri, ijtimoiy adolat va davlatning fuqaroga masʼuliyatini amalga oshiradigan muhim islohotdir. Yangi qonun Oʻzbekistonda barqaror, shaffof va ijtimoiy himoyaga asoslangan davlat tizimini shakllantirishga zamin yaratadi.
Zulxumor Akbarova