Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi BMTTD va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat muassasalari oʻrtasida gender tenglikni targʻib qilish maqsadida “Davlat muassasalari uchun gender tenglikka yerishish uchun mukofot” dasturini ishga tushirdi.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ushbu dastur Markaziy Osiyodagi ilk bunday dastur hisoblanadi. DM uchun GTEMning asosiy maqsadi davlat siyosatida gender masalalariga koʻproq eʼtibor qaratish va uni samaraliroq yuritish imkonini berishdir. Mukofot davlat muassasalariga oʻz salohiyatini mustahkamlash va gender tenglikni yanada samarali hamda yaqqol taʼminlash uchun chinakam va amaliy poydevor yaratib beradi.
Xususan, Senat raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva oʻz kirish soʻzida ushbu dasturning amalga oshirilishi davlat tashkilotlari uchun gender masalalaridan xabardorlikni oshirish va Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha Milliy strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishda yangi imkoniyatlarni ochib berishini, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlarida xizmat lavozimi koʻtarilishida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratishni, ularning salohiyatini oshirishni, shuningdek, ish joyida tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldi olishni taʼminlaydi.
BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska ham ushbu dasturning alohida oʻrni haqida toʻxtalar ekan, “Gender tenglikka yerishish uchun mukofot” xalqaro sertifikatini olish butun dunyoda davlat muassaslari, ularning gender tenglikka yerishish va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi intilishlari va harakatlari eʼtirofidir, deb taʼkidladi.
Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasi gender tenglik boʻyicha sertifikat olish xalqaro dasturida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston tomonidan tanlab olingani qayd etildi. Tadbir davomida Davlat bojxona qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Otabek Choriyev idoraning gender tenglikni targʻib qilish va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga sodiqligini aytib, qoʻmita 2020-yilda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi eng yaxshi huquqni muhofaza qiluvchi organ” nominatsiyasida gʻolib boʻlganini va bugungi kunda qoʻmita bu boradagi ishlarni izchil davom ettirayotganini taʼkidladi.
Bundan tashqari, BMTTD ekspertlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi butun dunyo boʻyicha bojxona sohasida Gender tenglikka erishish uchun mukofotni amalga oshiruvchi ilk idora sifatida bojxona hamjamiyatida va davlat boshqaruvining kengroq global sektorida gender tenglik boʻyicha jahon chempioni boʻlish uchun imkoniyatga ega ekani taʼkidlandi.
Tadbir soʻnggida ishtirokchilar gender tenglikka erishish boʻyicha yangi yondashuvlar, gʻoyalar va tashabbuslar yuzasidan fikr almashdi, bir qator davlat idoralari ushbu dasturda ishtirok etishdan va BRMga erishish hamda Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish milliy strategiyasini amalga oshirishga hissa qoʻshishdan manfaatdor ekanini bildirdi.