Davlat mukofotlari oʻz egalariga topshirildi

    Mamlakatimizda 18 Fevral 2023 1502

    Inson qadri ulugʻlangan yurtda hech narsa beiz ketmaydi. Har bir harakat, qobiliyat, isteʼdod va ixtiro munosib ragʻbatlantiriladi. Shu jihatdan, mamlakatimizda keyingi yillarda boshqa sohalar qatori ilm-fan fidoyilari, sanʼat va meʼmorlar mehnati eʼtirofga loyiq koʻrib kelinayotgani diqqatga sazovordir.

    Prezidentimizning oʻtgan yil dekabr oyida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish toʻgʻrisida”gi Farmoni ular mehnatiga munosib baho boʻldi, desak ayni haqiqat.

    Zero, Farmonga koʻra, mamlakat ilm-fani, adabiyoti va sanʼatini rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy-maʼrifiy hayotida alohida eʼtiborga sazovor boʻlgan, xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan fundamental tadqiqotlari, zamon talablariga javob beradigan yuksak, mazmunan dolzarb ijodiy ishlari uchun oʻn nafar soha vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlangandi.

    Poytaxtimizda ana shu mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Unda qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda ilm-fan rivoji, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami tobora kengayib bormoqda. Bunda oʻzining isteʼdodi, keng qamrovli ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati bilan faol ishtirok etayotgan insonlarning alohida oʻrni bor. Shu jihatdan ularning bari eʼtirof va eʼtiborga loyiqdir.

    — Prezidentimizning ilm ahli, ijodkorlar mehnatini qanchalik qadrlashini bugun barchamiz koʻrib-bilib turibmiz, — deydi adabiyot sohasida “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” asari uchun mukofotlangan adabiyotshunos olim Naim Karimov. — Bu, tabiiyki, har qanday ijodkorga katta kuch va quvvat bagʻishlaydi. Bunday yuksak eʼtirofdan mamnunmiz, albatta.

    Davlat mukofotlarini topshirish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O. Abdurahmonov ishtirok etdi.

    Dilshod ULUGʻMURODOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri