Xodimlarga qanday holatlarda “bayram puli” toʻlab beriladi?

    Bilasizmi? 7 Mart 2025 3837

    Мart oyida bir nechta bayramlar, xususan, 8-mart — Xotin-qizlar kuni hamda Navroʻz bayramlari har yili nishonlanadi. Mazkur bayramlar munosabati bilan ish beruvchilar tomonidan mukofot puli toʻlab berilishi yoki berilmasligi masalasi koʻplab xodimlar uchun qiziq.

    Maʼlumotlarga koʻra, ish beruvchining mukofot puli toʻlash majburiyati Mehnat kodeksida bevosita keltirilmagan, biroq umumiy qoidaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun eng minimal imtiyoz va kafolatlar nazarda tutilgan.

    Unga qoʻshimcha tarzda imtiyozlar korxonaning ichki lokal hujjatlarida, masalan, jamoa shartnomasida koʻrsatilishi belgilangan. Yaʼni Mehnat kodeksining biror moddasida ish beruvchiga bayramlar munosabati bilan mukofot pullari toʻlash majburiyatini yuklaydigan norma mavjud emas. Lekin mazkur imtiyoz tashkilotning jamoa shartnomasida koʻrsatib oʻtilishi mumkin. Yoki ish beruvchi oʻzining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda buyruq chiqargan holda xodimlarga bayram munosabati bilan mukofot pullari toʻlab berishi mumkin.

    Shuningdek, ayrim toifadagi xodimlar uchun esa, mukofot pullarini toʻlab berish Hukumat qarorlari yoki boshqa qonunosti hujjatlarda koʻzda tutilgan. Masalan, davlat veterinariya xizmati xodimlarining ishlanmaydigan bayram kunlari munosabati bilan oylik ish haqining bir baravari miqdorda mukofotlanishi nazarda tutilgan. Yoki tibbiyot muassasalari xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlarda beriladigan mukofot miqdori bir kalendar yil mobaynida har bir xodimga ikki lavozim maoshidan oshmagan holda belgilanishi koʻzda tutilgan.

    Demak, agar qonunchilik normalarida bevosita nazarda tutilmagan boʻlsa, xodimlar oʻzlari mehnat faoliyatini olib borayotgan tashkilotning jamoa shartnomasi bilan tanishib chiqishlari lozim. Agar jamoa shartnomasida xodimlarga bayramlar munosabati bilan mukofot pullari toʻlab berilishi lozimligi toʻgʻrisidagi norma koʻzda tutilgan boʻlsa, ish beruvchi unga amal qilishi shart.