Javohir Sindarovga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Sindarov Javohir Sanjarbekovichga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi.

    Bu haqda Prezident matbuot kotibi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, faxriy unvon mamlakatimizda shaxmat sport turini yanada rivojlantirishga, xalqimiz oʻrtasida ushbu sport turini ommalashtirishga qoʻshayotgan ulkan hissasi, el-yurtimiz oldidagi farzandlik burchiga sodiq qolib, azmu shijoati, yuksak iroda va mahoratini, vatanparvarlik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani, jahon miqyosida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijaga erishgani, Yangi Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini dunyoga tarannum qilish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat, milliy gʻurur va iftixor tuygʻulari ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun berilgan.

    Shuningdek, Shaxmat boʻyicha Jahon kubogi sohibi boʻlgan shaxmatchimiz Prezident sovgʻasi — 3 xonali xonadon, uning murabbiylari esa pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.