Forumning Bosh mavzusi: Huquq 4.0. (Huquq toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida) boʻlgani bois, ishtirokchilar tomonidan asosan yaqin kelajakda huquq sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Munozara sessiyasini moderator vazifasida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir maslahatchisi - IT texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish departamenti boshligʻi Olim Umarov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan soʻng maʼruzachi sifatida taklif etilgan Buyuk Britaniya Hukumati Raqamli Xizmati Raqamli texnologiyalar boʻyicha xalqaro bosh maslahatchisi Jud Xanan, Tartu universiteti professori, Estoniya fanlar akademiyasi aʼzosi Lauri Melkso, Yuridik texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha MFC maslahat kengashi raisi Mark Bir Obe, Xalqaro ommaviy huquq va inson huquqlari sohasida katta ilmiy xodim, Tartu universiteti huquq fakulteti professori Merilin Kivoring, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining davlat xaridlari, raqamli iqtisodiyot, ochiq hukumat boʻyicha katta maslahatchisi Eliza Nevyadomska, Jahon bankining moliyaviy menejment boʻyicha bosh mutaxassisi Xuram Faruk va Yevropa Komissiya faoliyatini tartibga solishni nazorat kengashi Prezidenti Veronika Gaffi kabi ishtirokchilarga navbat bilan soʻz berildi.

Buyuk Britaniya Hukumati Raqamli Xizmati vakili Jud Xanan oʻz maʼruzasida raqamli imkoniyatlarni yaxshilashda hukumatga yordam berish haqida soʻz yuritarkan, hukumat tomonidan foydalanuvchilarga oddiy, aniq, tezkor va arzon xizmat koʻrsatilishi lozimligini taʼkidladi. Shu bilan birga 2000 dan ortiq saytlarni yagona domen ostida birlashtirgan GOV.UK platformasi imkoniyatlari hamda uning faoliyatiga oid 5 muhim tamoyilga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tartu universiteti professori Lauri Melkso raqamli hukumatning inson huquqlarini taʼminlashdagi ahamiyati borasidagi maʼruzasida davlatlarning raqamli texnologiyalar bilan yuzlashishi muqarrarligi va ushbu jarayonlarda madaniy qadriyatlarni saqlab qolish zaruriyati, shuningdek, raqamli hukumatning ochiqlik va inson huquqlariga taʼsiri haqida oʻz fikr-mulohazalarini ishtirokchilarga bayon qildi.

Shuningdek, sessiya davomida ishtirokchilar Yuridik texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha MFC maslahat kengashi raisi Mark Bir Obening LawTech-ga biz ishonamiz: qanday qilib texnologiyalar jamoatchilikning hukumatga boʻlgan ishonchini oshirishi mumkin mavzusidagi maʼruzasini tinglashdi hamda jamoatchilik ishonchini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli texnologiyalar haqida zarur maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Shu bilan birga, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining xodimi Eliza Nevyadomska davlat xaridlarini raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshirish orqali shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashning oʻziga xos foydali jihatlari haqida tadbir ishtirokchilariga maʼlumot berib oʻtdi.

Sessiya yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga xorijiy ekspertlar tomonidan batafsil javoblar berildi.