Shu bois, soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda ijtimoiy hayotga tatbiq etilayotgan Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat qurilishini tubdan isloh qilishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Prezidentivbpning “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingani bu boradagi ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir. Farmonga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berilmoqda.

Buxoro davlat universitetida shahar–tumanlar hokimliklari bilan videoselektor tarzida, viloyat xalq xoʻjaligining iqtisodiyot, ijtimoiyot, taʼlim va tibbiyot, qurilish, muhandislik–kommunikatsiya tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi agrosanoat majmuiga taalluqli tashkilot va muassasalar, huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham ana shu dolzarb masala muhokama qilindi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil axborot berdilar. Shu bilan birga, davlat hokimiyati boshqaruv organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasida duch kelinayotgan qiyinchilik va muammolar, xususan, joylarda mansabdor masʼullar ishtiroki bilan bogʻliq korrupsion holatlar yechimi xususida fikr almashilib, shahar va tumanlar hokimliklari, ulardagi sektorlar rahbarlari zimmasidagi masʼuliyat hissi yana bir bor eslatib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, endilikda yuqoridagi farmon tufayli barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati doimiy ravishda saytlarida eʼlon qilib boriladi. Farmonning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni muntazam ravishda bajarishini taʼminlovchi yaxlit tizim ishga tushiriladi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan muhokamada shuningdek, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi oʻrnini mustahkamlash, uning ahamiyatini yana-da oshirish hamda samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, shu qatorda, davlat hokimiyati boshqaruv idoralari faoliyati shaffofligini taʼminlash maqsadida korrupsion holatlarning har qanday koʻrinishiga qarshi murosasiz kurashish samaradorligi xususida toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.