Dastlab, mehmonlar yuqori palataning ish faoliyati, xususan, senatorlar va Senat devoni xodimlarining ish jarayoni bilan tanishdi.
Shuningdek, soha mutaxassislari binoda yaratilgan sharoitlar, Senat, uning Kengashi va qoʻmitalari majlislari boʻlib oʻtadigan zallar, Senatning axborot kutubxonasi va jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Taʼkidlash joizki, oʻtgan davr mobaynida koʻplab davlat idoralari va hokimliklarda axborot siyosatini yuritishga bevosita masʼul boʻlgan matbuot xizmatlari faoliyati takomillashtirildi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlarida 2019-yilgacha 433 nafar mutaxassis faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda ularning umumiy soni qariyb 1 100 nafarni tashkil etadi.
Tadbir davomida mehmonlar Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari F.Boqiyev bilan uchrashib, oʻzaro muloqot qildi.
Senator soʻzlariga koʻra, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi tufayli davlatimizning qator tegishli xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyalari sezilarli darajada yaxshilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.