Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
—masofadan monitoring qilish asoslari;
— masofadan monitoring qilish tartibi va muddatlari;
— masofadan monitoring qilish natijalarini rasmiylashtirish va koʻrib chiqish;
— masofadan monitoring qilish yakuni boʻyicha aniqlangan holatlar yuzasidan taʼsir choralarini qoʻllash.
Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarga rioya etilishi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan masofadan monitoring qilinadi.
Masofadan monitoring qilish rejali va rejadan tashqari asoslarda oʻtkaziladi.
Agentlik davlat organlari va tashkilotlarini masofadan monitoring qilish boshlanganligi yoki oʻtkazilayotganligi haqida oldindan ogohlantirmaydi (xabardor qilmaydi).
Masofadan monitoring qilish yakuni(natijasi) boʻyicha qonunchilik hujjatlarining buzilishi aniqlangan holatlar yuzasidan maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
Maʼlumotnomada qayd etilgan qonunchilik hujjatlarining buzilishi Agentlikning huquqiy taʼsir hujjati shaklida monitoring qilingan davlat organi va tashkilotiga yuboriladi.
Huquqiy taʼsir hujjati davlat organi va tashkilotiga kelib tushgan sanadan eʼtiboran 10 kun muddatda koʻrib chiqilishi va natijasi boʻyicha Agentlikka yozma axborot berilishi shart.