Sogʻliqni saqlash vazirligining davlat tibbiyot muassasalarida aholiga uzluksiz tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etish toʻgʻrisida tegishli buyrugʻi qabul qilindi.

Ushbu buyruqqa koʻra, endilikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy muassasalaridan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ularning hududiy filiallari hamda boshqa qator shifoxonalarda asosiy ish soatlari hamda undan tashqari vaqtda doimiy tarzda muassasada mavjud tibbiy tashxislash jihozlaridan (MRT, MSKT, KT) foydalangan holda, oʻrnatilgan tartib asosida, tunu kun tibbiy xizmat koʻrsatish tashkil etiladi.

Imtiyozli toifadagi, shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladigan bemorlarga byudjet mablagʻlari hisobidan bepul, boshqa holatlarda esa pullik asosda tibbiy xizmat koʻrsatilishi belgilandi.

Tibbiy xizmatlarni pullik asosda koʻrsatishda ish haqi bilan bogʻliq xarajatlar, sarflanadigan dori-darmon, reagentlar, sarflov vositalari boʻyicha barcha chiqimlar pullik xizmat hisobidan qoplanadi.

Tibbiyot muassasalari rahbarlari:

  • tunu kun koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatiga, ularni bevosita amalga oshiruvchi tibbiyot xodimlarining ish haqi toʻlovlari oʻz vaqtida toʻlanishiga;
  • tibbiy jihozlarning soz holatda saqlanishi va doimiy texnik jihatdan nazoratdan oʻtkazilishiga hamda dori-darmon va sarflov vositalari uzluksiz taʼminlab borilishiga;
  • tashkil etiladigan xizmatlar roʻyxatining tashrif buyuruvchilar uchun koʻrish qulay boʻlgan joylarda havola etilishini hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida aholiga yetkazilishini taʼminlashga shaxsan javobgar hisoblanadi.

Shuningdek, tibbiy jihozlarning soz holatda saqlanishi va doimiy texnik jihatdan nazoratdan oʻtkazilishi ustidan monitoring yoʻlga qoʻyiladi.