Mazkur elektron platforma yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlik gʻoya va tashabbuslarini ragʻbatlantirish, ular munosib daromad olishi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish jarayonlaridan biridir.
Shuningdek, ushbu elektron platforma fuqarolarimizga Davlat budjetidan toʻlanadigan subsidiyalar, kompensatsiyalar va boshqa imtiyozlarni ajratishning oshkoraligini taʼminlash bilan bir qatorda, mazkur jarayonda byurokratiya va korrupsiya holatlarining oldini olish hamda yuzaga kelgan muammolar toʻgʻrisida bevosita masʼul mansabdor shaxslarga va fuqarolarga xabar berish imkoniyatini yaratadi.
Bugungi kunda elektron platformalari mavjud boʻlmagan vazirlik va idoralar uchun “https://subsidiya.mf.uz/dashboard” veb-dasturi orqali shaxsiy kabinetlar yaratilgan boʻlib, ular oʻzlariga tegishli subsidiya turlari boʻyicha maʼlumotlarni kiritib borish, kelib tushgan arizadan xabardor boʻlish imkoniyatlari dasturda koʻzda tutilgan.
Hozirda ushbu elektron platforma orqali 18 ta vazirlik va idoralar bilan xamkorlikda 83 turdagi subsidiya turlarini olish boʻyicha jarayonlarni elektronlashtirish ishlari olib borilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan integratsiya ishlari amalga oshirildi.
Hozirgi kunda, tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda elektron platformaga integratsiyalash hamda barcha davlat organlari va tashkilotlariga mazkur tizimdan foydalanish imkoni yaratish choralari koʻrilmoqda, deyiladi Moliya vazirligi xabarida.