Davlat aholining huquqiy ongini oshirishga harakat qilar ekan, oʻzi ham shu talablarga qarab oʻzgarishi, faoliyatini yaxshilashi hamda jamiyatning talabi oshishiga va bu talabni qondirishga tayyor turishi kerak. Bunda, albatta, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini oshirish birinchi oʻrinda turadi.

Oʻtgan davrda qabul qilingan qonun hujjatlari, ular yuzasidan tushuntirish materiallarini aholi va ijrochilarga yetkazishda amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlarga qaramay, bugungi kunda davlat xizmatchilari orasida, shu jumladan hokimlar faoliyatida huquqni mensimaslik holatlari mavjud.

Jumladan, 2020 yilda maʼmuriy sudlar tomonidan maʼmuriy organlarning 5,7 mingta qarorlari haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa, 3,4 mingta holatda mansabdor shaxslarning harakati noqonuniy deb topilgan. Shuningdek, qonunlar ijrosi ustidan nazorat davomida kiritilgan protestlar asosida maʼmuriy organlarning 4,5 mingta qonunga zid hujjatlari bekor qilinib, 5,3 mingtasi qonunchilikka muvofiqlashtirilgan.

Davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini oshirish, ular oʻz faoliyatini amalga oshirishida fuqarolarning huquq va erkinliklarini samalari taʼminlashiga erishish maqsadida joriy yilning 13-martida “Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablar asosida oshiriladi va test asosida baholanadi.

Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligiga qoʻyiladigan minimal talablarda asosiy eʼtibor davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari huquqiy savodxonligini oshirish uchun zarur boʻlgan qonunchilik normalarini bilish va qoʻllay olish koʻnikmasiga ega boʻlishga qaratilgan.

Dastavval, Adliya vazirligi tomonidan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun oʻquv dasturi, materiallar va test savollari bazasi shakllantiriladi hamda davlat tashkilotlari xodimlarini oʻqitish ishlari tashkil qilinadi.

Oʻqitish yakunlari boʻyicha baholash Davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli – maxsus test tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi tomonidan baholash natijalari asosida yuqori natija qayd etgan davlat tashkilotlarining ijobiy tajribalarini boshqa tashkilotlar faoliyatiga ham joriy etish va past koʻrsatkich sabablarini bartaraf etish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar beriladi.

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilimini oshirish orqali davlat idoralari xodimlari tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi darajasi oshiriladi, shuningdek davlat tashkilotlarida qonun hujjatlari boʻyicha ijro intizomi mustahkamlanadi.

A.Abdusherozov,

Adliya vazirligi masʼul xodimi