Aslida ham kelgusi besh yilda yurtimiz aholisini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim yoʻnalishi sifatida belgilangan.

Bunda esa  Prezidentimizning 2021-yilning 28-iyulda qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5199-son qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga koʻra,  tizimda bir qator oʻzgarishlar yuz bermoqda. Ulardan biri - davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini keng joriy etgan holda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini keng koʻlamda ragʻbatlantirishdir. Bu bilan  aholiga davlat tomonidan koʻrsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordam bilan birga, sifatli va arzon tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Xabaringiz bor, yurtimizda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari Sirdaryo viloyatida  tajriba - sinov tarzida  joriy etilmoqda. Shu bilan bir vaqtning oʻzida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida 14 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan ham shartnoma asosida  hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.

Kardiologiya, kardioxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, akusherlik va ginekologiya hamda oftalmologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shular sirasidandir.

Shuningdek, ogʻir bemorlarning poytaxtga kelib, vaqt va mablagʻ sarflashining oldini olish maqsadida hududlardagi 52 ta muassasa bilan ham shartnomalar tuzildi.

Aholiga koʻrsatiladigan yuqori texnologik tibbiy yordam koʻlami va sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik choralari koʻrildi. Shuning uchun yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmat koʻrsatadigan xususiy klinikalar faoliyati oʻrganildi, monitoringlar oʻtkazildi.

Natijada Sogʻliqni saqlash vazirlining tavsiyasiga koʻra Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Dr Boboev jarrohlik markazi” bilan ilk hamkorlik shartnomasi tuzildi. Albatta, kelgusida bu kabi hamkorlik shartnomalari har bir viloyat miqyosida tuzilishi moʻljallanmoqda.

Endi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan oʻziga maʼqulini erkin tanlash huquqiga ega boʻldi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari koʻrsatadigan tibbiy xizmatlar uchun qoʻyiladigan talablar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotlari imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmatlarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib belgilaydi.

                                               Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi

matbuot xizmati