Hozirda koʻplab mamlakatlarda maxsus tibbiy sugʻurtalash jamgʻarmalari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy maqsadi – bemorlarga sifatli tibbiy va profilaktik yordam koʻrsatilishini taʼminlash uchun majburiy tibbiy sugʻurtalash tizimini moliyalashtirishdir. Yurtimizda ham Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari asosida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etildi.
Mamlakatimizda davlat tibbiy sugʻurtasining vazifalari nimalardan iborat va uni tashkil etishga qanday zarurat bor edi? Bu haqida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov bilan suhbatlashdik.
– Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligiga boʻlgan eʼtibor kundan-kunga oʻz samarasini berib kelmoqda. Ayniqsa, shifo maskanlarida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar, qolaversa, davolanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayniqsa, fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sugʻurtalash masalasi Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrda qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz aksini topdi.
Unga koʻra, Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etildi. Bizning asosiy vazifamiz davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash. Aholining barcha qatlamlarini davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etishda ishtirok etamiz.
Shuningdek, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash tizimida 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning oxiriga qadar tajriba-sinov tariqasida sogʻliqni saqlash tizimini yangi modeli va moliyaviy mexanizmlari sinovdan oʻtkazilmoqda.
Hozirda Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman tibbiyot birlashmasi (shahar tibbiyot birlashmasi), 18 ta Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash muassasalari bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlarini koʻrsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) boʻyicha moliyalashtirish tizimiga oʻtkazildi.
2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat buyurtmasi asosida davolangan bemorlarga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini boshqarish, ularni samaradorligini doimiy monitoring va nazorat qilish Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, Jamgʻarma shartnoma asosida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan davolangan holatlar uchun haq toʻlaydi, bemorlarga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini tasdiqlangan standart va protokollarga muvofiqligini nazorat qiladi hamda klinik xarajatlar guruhlarini ishlab chiqish va “har bir davolangan holat uchun” toʻlov uslubini joriy etish uchun barcha davolangan holatlar hisobini yuritadi.
Xoʻsh, bu bilan tizimda qanday oʻzgarishlar boʻladi? Bu paketlar aholining qoʻliga beriladimi?
— Avvalo, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʻlamini yanada oshirishga erishiladi. Paketlarga kelsak, yangi tizimda har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Paketlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda Oʻzbekiston fuqarolari, yurtimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bu nima beradi? Bunda eng katta oʻzgarish fuqaro paket doirasida hududiy oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur diagnostik va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtadi.
Oilaviy shifokorlar aholining sogʻligʻi bilan bogʻliq koʻrsatkichlarni monitoring qilish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirishni yagona elektron platforma orqali bajaradi. Bu esa bemor va soha xodimlari oʻrtasida yuz berishi mumkin boʻlgan koʻplab tushunmovchiliklarni oldini oladi. Bunda har bir fuqaroning raqami boʻladi. Shu maqsadda muassasalarda koʻchalar, mahallalar, uylar kodlashtirilmoqda. Shunda fuqarolar hududning qayeriga borsa ham paket doirasida tibbiy xizmat oladi. Bu paketlarning muddati boʻlmaydi va hammaga teng boʻladi.
Tegishli hujjatlar bilan tanishish jarayonida aholini umr koʻrish davomiyligini uzayishi, kasalliklar erta aniqlanishi haqidagi maʼlumotlarga duch keldik. Bunga qanday erishiladi?
Aholi mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga boʻlinadi;
oʻrta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholining belgilangan muddatlarda tibbiy koʻriklardan oʻtishi taʼminlanadi va salomatligi davriy kuzatuvga olinadi;
yuqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinib, uyiga borgan holda tibbiy xizmat koʻrsatiladi;
profilaktik koʻriklar oʻrniga hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar boʻyicha maqsadli skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi;
patronaj koʻriklari optimizatsiya qilinib, yangi maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi.
Keling, ochiqroq tushuntirish beraylik. Davlat tomonidan aholi uchun tibbiy yordam oldin ham bepul berilgan, endi ham beradi. Unda nima oʻzgardi?
-Oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda aslida, hech narsa oʻzgarmaganday, faqat murojaat tartibi oʻzgaradi. Avvallari bemor oʻzining oilaviy shifokoriga uchrashmasdan tor soha shifokoriga qabuliga ketavergan boʻlsa, endi oilaviy shifokor yoʻllanma bersagina tor soha mutaxassisiga boradi. Agar yoʻllanmasiz borsa, pul toʻlaydi. Shuning uchun har bir fuqaro oʻzining hududiy poliklinikasiga biriktirilgan boʻlishi kerak. Oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda klinik protokollar, diagnostika va davolash standartlariga koʻra kafolatlangan paketda belgilangan hajmda tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi.
Demak, oilaviy shifokor yoʻllanma bersagina fuqaro, misol uchun, kardiolog, pulmonolog, jarroh qabuliga bepul kirishi mumkin ekan. Agar oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalardagi hajmdan ortiqroq tibbiy yordam kerak boʻlsachi?
Unda yuqorida aytilgani kabi oila shifokor yoʻllanmasiga asosan bemor boshqa tibbiyot muassasasiga yuboriladi. U koʻp tarmoqli markazi poliklinika, tuman yoki shahar markaziy shifoxonasi, viloyat va respublika shifoxonalari ham boʻlishi mumkin.