Prezidentimizning 2021-yil 28-iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. 

Bu esa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini kafolatlangan, sifatli va bepul tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Raqamlarga to‘xtalsak, joriy yilning yanvar–iyun oylari davomida mazkur dastur doirasida mamlakatimiz bo‘yicha 165 ta tibbiyot muassasasida jami 44 633 nafar bemor davolandi.

Ularning yuqori texnologik operatsiyalari uchun Jamg‘arma tomonidan jami 591,2 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berildi.

Hududlar kesimida eng ko‘p mablag‘ Toshkent viloyati (80,1 mlrd. so‘m), Toshkent shahri (75,5 mlrd. so‘m) va Samarqand (63,7 mlrd. so‘m) viloyatlariga yo‘naltirildi. Bemorlarning 58,8 foizini kattalar va 41,2 foizini bolalar tashkil etib, eng ko‘p murojaat ko‘z va yurak kasalliklari bo‘yicha qayd etildi.