Joriy yil 10-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutida muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi Inson huquqlari uyiga begʻaraz taqdim etgan adabiyotlarning bir qismi Davlat va huquq institutiga topshirildi.
Institut fondiga, xususan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning asarlari, inson huquqlari sohasiga oid nashrlar, shuningdek, Xitoy madaniyati va adabiyotiga bagʻishlangan jami 28 nomdagi 56 ta kitob hamda 6 ta elektron disk (e-book) taqdim etildi.
Soʻzga chiqqanlar ayni maʼrifiy tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga hamohang ekanini taʼkidladilar.
Mazkur adabiyotlar Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, tadqiqotchilari hamda yosh olimlar uchun xalqaro tajribani chuqur oʻrganish, inson huquqlari sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni tahlil qilish hamda ilmiy izlanishlarni boyitishda muhim manba boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turgʻunov ushbu adabiyotlarning ilmiy-amaliy ahamiyati, inson huquqlari sohasidagi xalqaro tajribani oʻrganish, shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash borasidagi oʻrnini alohida qayd etdi. XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasiga va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga ushbu qimmatli adabiyotlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.