Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi Matbuot xizmati holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 12-mart kuni Uzun tumani soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tumanning “Bahoriston” mahallasi hududida savdo qilish uchun belgilanmagan joylarda noqonuniy faoliyatning oldini olishga qaratilgan tadbirlar belgilangan tartiblarga asosan oʻtkazilgan.

Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan koʻp marotaba ogohlantirishlarga qaramay, qonunga zid hamda antisanitariya holatida savdo faoliyatini davom ettirib kelayotgan fuqarolar Sh.T. hamda S.T. soliq inspeksiyasi xodimi F.Ergashevning noqonuniy savdo faoliyatini rasmiylashtirish talabiga qarshilik koʻrsatib, janjal koʻtarishgan va davlat xizmatchisini obroʻsizlantirishga harakat qilishgan.

Holat yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Uzun tumani sudining qaroriga asosan Sh.T. hamda S.T.ga nisbatan maʼmuriy tartibda chora koʻrilganligi maʼlum boʻldi.Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati soliq xodimlari orasida yigʻilish oʻtkazilib, har bir xodim davlat xizmatchisining Ichki mehnat tartib va odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishi yuzasidan ogohlantirildi.