Prezidentimiz yaqinda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanisharkan, jumladan, shunday dedi: “Davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri. Qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerak. Qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarur”.

Haqiqatan ham mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilgani yurtdoshlarimizning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilishda, vaqtini ham, naqdini ham tejashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Xususan, Prezidentimizning shu yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yana-da qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, 1-maydan boshlab 28 turdagi davlat xizmati natijalari fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining xohishiga koʻra pochta orqali yetkazilyapti.

Jumladan, aholi koʻp murojaat qiladigan sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida muhtoj shaxslarga protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar yetkazib berish, keksa va nogironligi boʻlgan shaxsni yolgʻiz yashaydigan yoki yolgʻiz keksa va nogironligi boʻlgan shaxs deb eʼtirof etish, imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bor shaxslarga sanatoriylarda imtiyozli davolanishi uchun yoʻllanmalar berish, odamning immunitet tanqisligi virusi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni pochta orqali olish mumkin.

Endi hujjatlarni legallashtirish, sudlar, taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostol qoʻyish, taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat dublikatini taqdim etish, xorijiy davlatlarda umumiy oʻrta va oʻrta, oliy taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash, haydovchilik guvohnomasini berish, almashtirish va yoʻqolganlari oʻrniga yangisini berish, avtotransport vositalari va tirkamalarini roʻyxatdan oʻtkazish yoki tranzit roʻyxatdan oʻtkazish, davlat raqami belgisini berilgani haqidagi hujjatlar ham murojaatchining xohishiga koʻra, pochta xizmati orqali yetkaziladi.

Shuningdek, aholi va tadbirkorlar uchun muhim boʻlgan intellektual mulk himoyasi bilan bogʻliq turli patentlar olish, mahsulot va tovar belgisiga mualliflik huquqlarini tasdiqlovchi, koʻchmas mulk, ipoteka bilan bilan huquqlarni rasmiylashtirish hujjatlari ham farmonda keltirilgan davlat xizmatlari roʻyxatiga kiritilgan.

Ushbu oʻzgarishlar aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida qoʻshimcha yengilliklar yaratadi. Ularga qimmatli vaqt va mablagʻini tejab qolish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon ijrosi yurtimizda davlat xizmatlari koʻrsatishning zamon talablariga mos tartib-taomillari joriy qilinishi, aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga pochta xizmatlarini koʻrsatish orqali ortiqcha vaqt yoʻqotish kabi ovoragarchiliklar deyarli barham topishiga xizmat qiladi.

Shohruh MAMATQULOV,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti

masʼul xodimi