“Hammamiz deyarli har kuni turli idoralarga murojaat qilamiz. Deylik, notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv taʼminoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir maʼlumotnoma olish uchun baʼzan kun boʻyi navbatda turishga toʻgʻri keladi. Ana shunday, bir qarashda arzimas boʻlib tuyuladigan ishlar uchun odamlarning qancha vaqti, asabi ketadi. Shularning hammasini bir joyda, markazlashtirgan holda, tezlik bilan hal qilsa boʻladi-ku!” degan edi Yurtboshimiz yangi tizim toʻgʻrisida soʻzlar ekan. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Adliya vazirligi qoshidagi “Yagona darcha” markazlari negizida har bir shahar va tumanlarda “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga koʻra faoliyat olib borishi belgilangan yangi tuzilma Davlat xizmatlari markazlarini tashkil etish fikrini ilgari surgan edilar.
“Ana shunday tizimni yoʻlga qoʻysak, oʻylaymanki, xalqimizga katta yengillik yaratiladi, odamlar bizdan rozi boʻladi,” deya ishonch bilan aytilgan soʻzlar oradan hech qancha oʻtmay oʻz isbotini topdi, desak mubolagʻa boʻlmas. 2017-yil 12-dekabrda tashkil topgan Davlat xizmatlari agentligi uch yil mobaynida xalqning ishonchini oqlay oldimi? Chekka hududlargacha tashkilot markazlari yetib bordimi? Aholi bu xizmatlardan qoniqdimi, kabi turli savollar koʻpchilikning xayolidan oʻtishi tabiiy. Andijon viloyati misolida oladigan boʻlsak, natijalar kishini chuqur mulohazaga chorlaydi.
Davlat xizmatlari aholini qoniqtirdimi?
Avvalo maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, bugungi kunda viloyatdagi shahar va tumanlarda 16 ta Davlat xizmatlari markazlari, Andijon, Jalaquduq, Paxtaobod va Qoʻrgʻontepa tumanlarida esa markazlarning 4 ta shahobchasii faoliyat yuritmoqda. 2018-yilning boshida markazlarda jami 37 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, hozirga kelib ularning soni 145 taga yetdi (qariyb 3,5 baravarga ortgan).

Tizim tashkil etilgan kundan bugungi kunga qadar markazlar tomonidan qariyb 1 million 724 mingdan ortiq xizmatlar koʻrsatildi. Shundan bir yarim millionga yaqini shaxsan, 200 mingdan ortigʻi esa internet orqali koʻrsatilgan xizmatlardir va ushbu koʻrsatilgan xizmatlarning ijobiy natijalari har doim fuqarolar yuz-koʻzida oʻz ifodasini koʻrsatdi. Qolaversa, elektron baholash tizimida ham hamisha yuqori koʻrsatkichlar qayd etildi.
Sharoitning yoʻqligi xodim kayfiyatiga ham, ish sifatiga ham jiddiy taʼsir etadi
Xizmatlarning ortishi yaxshi. Ammo xizmat koʻrsatuvchi tashkilot joylashgan binoda mijozlar uchun yetarli darajada sharoit boʻlmasa, nafaqat mijozning kayfiyatiga, balki xodimning ish sifatiga ham jiddiy taʼsir qilishi shubhasiz. Shu sababli ham sifatli va oʻz vaqtida tezkor davlat xizmatlari koʻrsatishda markazlarning binolari innovatsion gʻoyalar asosida soʻngi texnika jihozlari bilan taʼminlanganligi, barcha qulayliklarga ega boʻlishi ahamiyatli jihat.
Ulugʻnor davlat xizmatlari qiyin kechadigan hudud edi. Hozir esa…
Yaqinda foydalanishga topshirilgan markazlardan biri bu Ulugʻnor tumanidagi Davlat xizmatlari markazidir.
Bundan yarim asr avval faqat qumliklardan iborat boʻlgan maydonlar oʻrnida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega binolarning qurilib, foydalanishga topshirilgani shu yerlik aholining ogʻirini anchayin yengil qildi, desak yanglishmaymiz. Boisi bu tuman Andjondagi davlat xizmatlari qiyin kechadigan hududlardan biri boʻlgan.
Ayni damda esa bir necha yillardan buyon foydalanilmay, boʻsh va nurab yotgan bino oʻrnida anʼanaviy arxitektura va xalqaro meʼmoriy dizayn bilan uygʻunlashgan Markazning yangi binosi qad rostlagan. Tashkilotda bir vaqtning oʻzida 15 nafar, bir kunda 300 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Zamonaviy tarzda jihozlangan keng va yorugʻ xonalar, elektron navbat, hordiq chiqarish uchun qulay va yumshoq oʻrindiqlar, bolalar maydonchasi, xorijiy va mahalliy investorlar uchun alohida xonalarning mavjudligi mijozlarning xizmatlar bilan bogʻliq har qanday ogʻirini yengil qiladi. Shuningdek, monitorlar orqali esa davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.

Binoda davlat xizmatlari markazidan tashqari, tuman Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimi hamda Bosh vazir qabulxonasi ham joylashganligi murojaat qiluvchilar uchun yana bir imkoniyat yaratadi.
Shu kunga qadar yana 4 ta - Andijon, Baliqchi, Boʻston va Marhamat tumanlarida ham mana shunday sharoit va qulayliklarga ega Davlat xizmatlari markazlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Yangi markazlar yangi yil bayramlari arafasida foydalanishga topshiriladi
Ayni paytda viloyatimizning Xonobod shahri hamda Shahrixon, Oltinkoʻl, Izboskan, Xoʻjaobod tumanlarida ham Davlat xizmatlari markazlarining yangi binolarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari izchillik bilan davom etmoqda. Qurilayotgan ushbu qulay va shinam binolar uch yillik hamda yangi yil bayramlari arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, Davlat xizmatlari agentligi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish orqali aholi turmush sharoitlarining yaxshilanishiga munosib ulushlarini qoʻshishga, ularning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugungi kundan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlashga xizmat qilish asosiy maqsadimizdir. Xalq rozi boʻlsa, tashkilotdan hush kayfiyat bilan qaytsa biz maqsadga erishgan boʻlamiz va bunga hamisha astoydil harakat qilamiz.
Mahmudjon ABDIJALIYEV,
Davlat xizmatlari agentligi
Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi