Ish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish bo'yicha 2025 yil 1 dekabrdan boshlab idoralararo axborot almashinuvini yo'lga qo'yishda ba'zi muhim o'zgarishlar amalga oshiriladi.
Islohotlarning huquqiy asosi
Ushbu o'zgarishlar Prezidentimizning joriy yil 8 sentyabrdagi "Davlat xizmatlarini ko'rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoniga asoslanadi. Mazkur huquqiy hujjat davlat organlari o'rtasida elektron axborot almashinuvini yo'lga qo'yish orqali fuqarolarning turli hujjatlarni yoki ma'lumotnomalarni taqdim etish yukini engillashtirishga qaratilgan.
Nikohni rasmiylashtirishdagi o'zgarishlar
1 dekabrdan boshlab nikohni rasmiylashtirish jarayonida bir qator soddalashtirishlar joriy etiladi. Birinchi navbatda, FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko'rik natijalarini taqdim qilish talabi bekor qilinadi. Bu fuqarolarning nikoh rasmiylashtirish uchun davlat muassasalariga borib-kelish sonini kamaytiradi va jarayonni ancha osonlashtiradi.
Nikohdan ajralishda yangi tartib
Nikohdan sud qarori asosida ajratilganda yangi tizim joriy etilmoqda. Bundan buyon FHDYO organlari nikohdan ajratilgan shaxslardan sud qarorini taqdim qilishni talab qilmaydi. Buni o'rniga, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi sud joylashgan joydagi tuman yoki shahar FHDYO organi tomonidan "FHDYO ning yagona elektron arxivi" axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Alohida ta'kidlash lozimki, bu yangi tartibda sud qarori nusxasi nikohdan ajralganlik to'g'risidagi guvohnomaga tenglashtiriladi. Demak, fuqarolar boshqa hujjat olish uchun qo'shimcha murojaat qilishga hojat qolmaydi.
Davlat bojini undirishda o'zgarishlar
Nikoh bekor qilinganini qayd etganlik uchun undiriladigan davlat boji ham yangi tartibda undiriladi. endi bu bojni sudning qaroriga asosan er-xotinning har ikkalasidan yoki ularning biridan belgilangan tartibda Majburiy ijro byurosining tuman yoki shahar bo'limlari tomonidan undiriladi. Bu tartib ham jarayonni avtomatlashtirish va fuqarolarning yukini engillashtirishga xizmat qiladi.
Harbiy xizmat bilan bog'liq soddalashtirishlar
Muhim o'zgarishlardan yana biri chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlar bilan bog'liq. Bundan buyon ularning turar joyi, o'qish joyi, ish joyi va lavozimidagi o'zgarishlar to'g'risidagi ma'lumotlarni tegishli mudofaa organlariga taqdim qilish majburiyati bekor qilinadi. Bu ma'lumotlar davlat organlari o'rtasidagi axborot almashinuvi orqali avtomatik tarzda uzatiladi.
Avtotransport bilan bog'liq o'zgarish
Avtomototransport vositasining ro'yxatdan o'tganlik guvohnomasida mulkdorining manzilini ko'rsatish talabi ham bekor qilinmoqda. Bu ham davlat xizmatlarini ko'rsatishda ortiqcha ma'lumotlarni talab qilmaslik tamoyiliga asoslangan qadamdir.
Xulosa
Yuqorida sanab o'tilgan barcha o'zgarishlar davlat xizmatlarini ko'rsatishda "bir oynali" xizmat tamoyilini amalga oshirish va fuqarolarning byurokratik tartibotlar bilan bog'liq muammolarini hal qilishga qaratilgan. Idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali fuqarolar bir davlat organidan ikkinchi davlat organiga turli hujjatlarni olish va topshirish zarurati yo'qoladi.
Bu islohotlar O'zbekiston Respublikasini 2022-2026 yillarda rivojlantirishning yangi strategiyasida belgilangan davlat boshqaruvini raqamlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirish vazifalarini amalga oshirishning muhim qismidir. 1 dekabrdan boshlab amalga oshiriladigan ushbu o'zgarishlar millionlab fuqarolarimizning hayotini osonlashtirishi va davlat organlariga ishonchni mustahkamlashi kutilmoqda.
Abdulaziz Abdurazzoqov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
”Kiberhuquq” kafedrasi o'qituvchisi