Kuni kecha birinchi marta O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri o'rtasida tarixiy suhbat bo'lib o'tdi. Nashrning 17-avgust sonida e'lon qilingan muloqot bugungi ijtimoiy holat va aholi turmushining barcha jihatlari yana bir bor diqqat markaziga tushishiga va iqtisodiy taraqqiyot hamda aholi turmush farovonligining o'sishi uchun muhim omil bo'lishiga ishonamiz.  

“Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko'tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish obyektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi. Bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O'zbekiston” g'oyasi zamirida ana shunday ulug' ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg'onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo'lamiz.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma'naviy uyg'onish jarayonlari milliy o'zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko'taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uyg'onish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.

Ma'lumki, bugungi O'zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg'onish davriga – Birinchi (ma'rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo'lgan. Bu – jahon ilm-fanida o'z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg'onish jarayoni kechmoqda. SHuning uchun “Yangi O'zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so'zlari hayotimizda o'zaro uyg'un va hamohang bo'lib yangramoqda, xalqimizni ulug' maqsadlar sari ruhlantirmoqda”, — deya ta'kidladi davlatimiz rahbari. 

Suhbat chog'ida “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so'z erkinligi”, “din va e'tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko'nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani alohida urg'ulandi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning sababi nimada? degan savolga yurtboshimiz, “Men ko'p yillar davlat boshqaruvining eng quyi bo'g'inidan boshlab, o'rta va eng yuqori pog'onagacha – barcha bosqichlarda mas'ul lavozimlarda ishlaganman, Oliy Majlis deputati ham bo'lganman. Shuning uchun ham eski boshqaruv tizimining barcha nuqson va kamchiliklarini, aholini qiynayotgan dardu muammolarni quyi bo'g'indan boshlab, ich-ichidan, boshqalardan ko'proq bilaman, deb to'liq ishonch bilan ayta olaman”, — degan fikrlari ko'p millionli xalqimizning qalbini to'lqinlantirib yubordi, desam xato bo'lmas. 

Ayniqsa, bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus olganligi, bugun odamlar uyg'onmoqda, jamiyat uyg'onmoqda, ma'naviy uyg'oq jamiyat — bu, hech shubhasiz, qudratli kuchdir, oldimizda turgan ishlarning barchasini o'zimiz, o'z kuchimiz bilan qilishimiz kerakligi, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermasligi borasida bildirilgan fikrlar ayni xalqimizning dilidagi gaplar singari yangradi. 

O'zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi integratsiya va hamkorlik jarayonlarini faollashtirishda tobora muhim rol o'ynamoqda. Shu yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o'tkazilgan xalqaro konferensiya, shuningdek, dunyoning ko'plab mamlakatlaridagi yurtdoshlarimizni qo'llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamg'armasi, har yili Xalqaro do'stlik kuni sifatida keng nishonlanadigan 30-iyul sanasi O'zbekistonda “Xalqlar do'stligi kuni” deb e'lon qilinishi, Orolbo'yi mintaqasida inson xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ko'p tomonlama Trast fondi faoliyati yo'lga qo'yilganligi va boshqa ko'pgina masalalar suhbatda qamrab olindi. 

Ta'lim sohasiga to'xtalib, davlatimiz rahbari “Qutlug' an'analarni davom ettirib, yurtimizda yangi xorazmiylar, farg'oniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulug'beklar, navoiylarni tarbiyalab etkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir”, — deya ta'kidladi. 

Suhbatda har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi”ga aylanishi lozimligi, korruptsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yo'q qilish va boshqa ko'pgina ijtimoiy muammolar tilga olindiki, bularning barchasi istiqbolda xalqimizning farovonligiga xizmat qiladi, albatta.  

Zebiniso AHMADOVA,

BuxDU bitiruvchi kurs magistranti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi, Fan-ta'lim masalalari qo'mitasining matbuot kotibi