Yurt obodligi yoʻlida mehnat qilib, aholi turmush tarzini yaxshilash hamda kelajagimiz boʻlmish yosh avlodga keng imkoniyatlar yaratib berish maqsadida, Namangan viloyati hokimligi hamda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish viloyat boshqarmasi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlatobod tumani kichik mavzelaridagi koʻp qavatli uylar atrofida jami 38 ta bolalar maydonchasi, 9 ta kichik stadion hamda
7 ta “Work Out” sport maydonchasi qurilib, aholiga taqdim etilmoqda.
Mavjud taʼmirga muhtoj bolalar maydonchalari esa taʼmirlanib, ularga qoʻshimcha yana 30 ta yangi bolalar maydonchasini qurish ishlari boshlab yuborilgan.
Shuningdek, “Obod mahalla” dasturi asosida ishchi guruh mutasaddilari “Porloq” MFYda joylashgan koʻp qavatli uylar hududida namuna tariqasida qurilayotgan, toʻrt tomoni shaffof boʻlgan yopiq shakldagi avtoturargohlarda olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirishdi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, mazkur tumanning “Bogʻ” MFYga qarashli “Yoshlik” koʻchasida 201 ta xonadon mavjud boʻlib, mazkur koʻchada yaqin kunlarga qadar umuman ichimlik suvi tarmogʻi mavjud boʻlmagan. Mahalla aholisining bir necha murojaatlaridan soʻng, mutaxassislar tomonidan hudud oʻrganilib, 1500 metr uzunlikdan iborat ichimlik suv tarmogʻi tortib keltirildi. Endilikda har bir xonadon obi hayotdan bahramand boʻlish imkoniyatiga ega.